Toshkentda biznes aloqalarning tubdan yangicha darajasini tashkil etishga qaratilgan “Biznes laboratoriyasi” axborot loyihasining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda loyiha tashkilotchilari “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: “Biznes laboratoriyasi”

Foto: “Biznes laboratoriyasi”

“Biznes laboratoriyasi” loyihasini tashkil etish tashabbusi O‘zbekistonning har biri o‘z sohasida yetakchi hisoblangan uch yirik kompaniyasi — Unique Present Media Holding, Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi (XBTA) va Afisha Media tomonidan ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadi — mahalliy tadbirkorlar yutuqlari, sifatli mediakontent ishlanmalari, innovatsion biznes-g‘oyalar haqida xabarlar hamda biznesni tashkil etish va uni rivojlantirish masalalari bilan qiziquvchi auditoriyani shakllantirish orqali O‘zbekiston biznes-hamjamiyatlarini taraqqiy ettirishdir.

Mazkur loyiha doirasida biznes-turlarni uyushtirish, biznesning turli sohalarida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish va mahalliy tadbirkorlar ishtirokida ularning muvaffaqiyat tarixini yorituvchi ko‘rsatuvlarni suratga olish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, xorij mamlakatlari hamda O‘zbekiston bo‘ylab biznes-sayohatlarni yiliga 2—3 marta tashkil etish va kelgusida ularning videoreportajlari chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

Oyiga 1—2 marta ekspertlar ishtirokida tayyorlangan maxsus ko‘rsatuvlar turkumini efirga uzatish ko‘zda tutilgan. Har biri 20—25 daqiqa davom etadigan ushbu ko‘rsatuvlar jahonning yetakchi kompaniyalari tajribasidan qiziqarli amaliy keyslarni namoyish etadi.

“O‘zbekistonlik tadbirkorlar ishtirokidagi biznes-turlar u yoki bu mamlakatdagi biznes jarayonlarning tashkil etilishi tajribasi hamda uning madaniy va ijtimoiy hayoti bilan tanishishga bag‘ishlangan yangi media mahsulotining paydo bo‘lishi uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Safarlar chog‘ida to‘plangan videokontent ham amaliy ahamiyatga molik, ham ko‘ngilochar, umumiy o‘rganishga doir axborotdan tashkil topadi. Fikrimizcha, ushbu loyiha yosh hamda bu sohada muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar orasida katta qiziqish uyg‘otadi”, — deya qayd etdi Afisha Media rahbari Suren Sapov.

“Yangi va, fikrimizcha, istiqbolli media yo‘nalish ibtidosida turganimizdan hamda eng sara biznes g‘oyalarni jamlash va ular bilan mahalliy tadbirkorlarni tanishtirish imkoniyatidan foydalana olayotganimizdan hursandmiz. Loyihamizning har bir ijodkori nafaqat foydali va qiziqarli, balki hammabop sifatli media mahsulotni tayyorlash uchun o‘z sa’y-harakatlarini ayamaydi”, — dedi Unique Present Media Holding asoschisi Arsen Dlyanchev.

“Loyihaning noyobligi shundaki, uning asoschilari va ishtirokchilari O‘zbekistonda yashab, faoliyat yuritadi, turli sohalarda katta ishbilarmonlik va boshqaruv tajribasiga ega. Safarlar davomida ular turli kompaniyalar vakillariga savollar bilan murojaat qilish, auditoriya bilan o‘z taasurotlari va tayyor biznes andozalar bilan o‘rtoqlashish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — deb ta’kidladi XBTA raisi Hikmat Abdurahmonov.

Loyiha doirasida dunyodagi yetakchi mamlakatlarning taniqli kompaniyalariga tashrif buyurishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — bu mamlakatda yangi yoxud mavjud bo‘lgan biznes loyihalarning rivojlanishi yoki ularning moslashuviga turtki bo‘lib xizmat qiluvchi innovatsiyalar va noyob biznes tajriba haqida o‘zbekistonlik tadbirkorlarga tushunarli tilda ma’lumot yetkazishdir.

“Biznes laboratoriyasi” loyihasi doirasida mahalliy tadbirkorlar ishtirokidagi birinchi biznes-tur, Buyuk Britaniya elchixonasi ko‘magida, 2016-yilning 22-yanvar — 2 fevral kunlari Buyuk Britaniyaga uyushtiriladi. Safar davomida ishbilarmonlar guruhi BBC WorldWide Lab va jahonga mashhur BHS kompaniyasining shtab-kvartirasiga tashrif buyuradi, O‘zbekiston elchixonasida tashkil etiladigan uchrashuvda qatnashadi.

Bo‘lajak biznes-tur davomida British Expertise ishtirokida UK Export Institute bilan uchrashuv, Buyuk Britaniya biznesi bilan b2b-uchrashuv, Buyuk Britaniyada o‘zbek biznesi vakillari bilan muzokaralar, London Fond birjasi (London Stock Exchange) va Edinburgdagi Sent-Endryus universitetiga tashriflar rejalashtirilgan.