“Yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi”ga muvofiq O‘zbekistonda 2016-yilda jami 369,9 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu haqda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Aziz Abduhakimov OAVga bergan maxsus intervyusida ma’lum qildi.

Foto: UzReport

Foto: UzReport

Mazkur ish o‘rinlarining 130,7 mingi sanoat sohasida, 54,5 mingi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida (chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, sabzavotchilik, ipakchilik, uzumchilik),  56,6 mingi qurilish sohasida, 39,7 mingi ijtimoiy infratuzilmada, 45,8 mingi esa faoliyati to‘xtab qolgan korxonalarning qayta tiklanishi evaziga tashkil etiladi.

Umumiy hisobda, 2016-yilda 992,7 ming fuqaroni ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, “Mehnat muhofazasi to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinishi kutilmoqda.

Aziz Abduhakimovning so‘zlariga qaraganda, 2016-yilda vazirlikning asosiy vazifasi “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi va 2020-yilgacha yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlarni ijtimoiy himoya qilish tizimini rivojlantirish va mustahkamlash Davlat dasturi maqsad va vazifalarini amalga oshirishdir.