Rossiya bozorida avtomat uzatish qutili eng arzon avtomobil bo‘lishi kutilayotgan va Ravon brendi ostida sotiladigan R2 xetchbekining narxlari e’lon qilindi. Bu haqda “UfaTime.ru” xabar bermoqda.

Foto: “Drive”

Foto: “Drive”

Avtomobilning 1,25 litrli, 4 silindrli, 85,5 ot kuchiga ega dvigatel va minimal komplektatsiyadagi Comfort AT versiyasi bahosi 369 ming rubl (taxminan 4920 dollar)dan boshlanadi.

Optimum AT versiyasida xaridor ikkita o‘rniga to‘rtta xavfsizlik yostiqchasi, eshiklarni blokirovka qilish tugmalari, passiv signalizatsiya, bort kompyuteri, konditsioner va boshqa qulayliklarga ega bo‘ladi. Bunday mashina narxi 439 ming rubldan (5850 dollar atrofida) boshlanadi.

Elegant deb nomlangan maksimal komplektatsiyada oldingi versiyalarga qo‘shimcha oltita xavfsizlik yostiqchasi, oldingi o‘rindiqlarning isitilishi, olti kolonkali audiotizim, to‘rtta eshikda elektr oyna ko‘targichlar, rulga o‘rnatilgan audiotizimni boshqarish pulti taklif etiladi. Bunday avtomobilga 469 ming rubl (6250 dollar atrofida) va undan yuqori narx belgilangan.

Avtodilerlar Ravon R2 uchun 10-martdan boshlab buyurtmalar qabul qilishi bildirilmoqda.