Apple yangi avtomobil bilan bog‘liq loyiha ustida maxfiy ravishda ish olib bormoqda. Kaliforniya shtatining Sanniveyl shahri yaqinidagi kompaniya binolari kompleksida haddan tashqari faollik va maxfiylik tartibi shundan dalolat bermoqda. Bu haqda Fox News ma’lum qildi, deya xabar beradi “TASS”.

Foto: EPA

Foto: EPA

Telekanal manbalariga ko‘ra, okrug aholisi balandligi 3,7 metrli sim to‘siq bilan o‘rab olingan kompleks tomonidan kelayotgan tovushlardan bezovta bo‘lmoqda. Shovqin-suron, keskin mexanik tovushlar yopiq poligonda yirik metalli obyekt harakatlanayotgani taassurotini qoldirmoqda. Faollik odatda kechki payt boshlanadi va Sanniveyl aholisi tinchini buzadi.

Kompaniya jurnalistlarning savollarini javobsiz qoldirmoqda, mazkur yo‘nalishdagi ishlarga izoh berilmagan.

Apple hech qachon o‘zining ilk elektromobilini yaratish ustida ishlayotganini rasman e’lon qilmagan, biroq oldinroq OAV kompaniya avtomobilsozlik bo‘yicha o‘nlab ekspertlar, jumladan, Ford va Mercedes-Benz konsernlari mutaxassislarini ishga yollaganini ma’lum qilgandi.