2016-yil 23-aprel kuni Lotte City Hotel Tashkent Palace mehmonxonasida imkoniyati cheklangan bolalarning ustozlari va tarbiyachilari yordamida tayyorlagan ijodiy ishlari 15-xayriya ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Kamolot” YoIH axborot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: UzReport

Foto: UzReport

Ko‘rgazmada imkoniyati cheklangan bolalarning manfaatlariga yo‘naltirilgan kompleks dasturlarni amalga oshirayotgan 20 ta tashkilot: bolalar uyi, maxsus maktab va internatlar, hamda jamoat tashkilotlari ishtirok etadi.

Ko‘rgazma maqsadi quyidagilardan iborat:

  • Biznes, xayriya tashkilotlari vakillari, hamshaharlar va Toshkent shahri mehmonlari e’tiborini nogiron bolalar muammosiga jalb etish;
  • Bolalarning ijodiy tashabbuslarini amalga oshirish imkoniyatlarini izlash;
  • Ijtimoiy mas’uliyat tamoyillaridan kelib chiqib imkoniyati cheklangan bolalarni amaliy qo‘llab-quvvatlash va ular bilan ishlash.

Xayriya ko‘rgazmasida mingdan ortiq ishlar: rasmlar, otkritkalar, yumshoq o‘yinchoqlar, zardo‘zi buyumlar, batik, munchoqli buyumlar, applikatsiya, kashtado‘zlik buyumlari va boshqa turfa ishlar taqdim etiladi.

Ko‘rgazma davomida bolalar uchun professional artistlar chiqishlari, shuningdek, bolalarning o‘zlari ishtirokidagi qiziqarli shou-dasturlar taqdim etiladi.

Xayriya ko‘rgazmasida yig‘ilgan barcha mablag‘lar ishtirokchi-tashkilotlarga bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni olib borish uchun beriladi. Tadbir soat 10:00 dan 16:00 gacha davom etadi.