Toshkent hokimligi Taraqqiyot ko‘chasidan (eski ToshMI)dan boshlanib, Toshkent mexanika zavodi orqali Ohangaron yo‘liga qadar davom etuvchi tramvay yo‘li qurilishidan voz kechdi. “Gazeta.uz” xabariga ko‘ra, 11-mart, juma kuni 13-tramvay yo‘nalishi qisqartirilganidan so‘ng Taraqqiyot ko‘chasida ajralib qolgan tramvay yo‘li bo‘lagidagi relslarni olib tashlash ishlari boshlangan.

Foto: “Gazeta.uz”

Foto: “Gazeta.uz”

1-avgust kuni 13-tramvayning “Toshkent” vokzalidan TTZga qadar davom etuvchi qismi yopilganidan so‘ng, “Toshshahartransxizmat” kompaniyasi shahar chekkasidagi “Rohat” bekatiga qadar davom etadigan, hozirda foydalanilmayotgan 5 kilometrlik yo‘l bilan bog‘lanuvchi yangi 3 kilometrlik tramvay yo‘li qurilishi rejalarini e’lon qilgandi.

7-avgust kuni avtotransport vositalari uchun Parkent ko‘chasidan Mustaqillik shoh ko‘chasiga kirish yopildi. Bu holat Taraqqiyot ko‘chasidagi, ayniqsa, temiryo‘l va avtomobil yo‘llari kesishgan nuqtalardagi harakat faolligini yanada oshirdi. “Ko‘rinishidan, tramvay yo‘llarini buzish yo‘ldagi yuklamalarni kamaytirish yo‘lidagi yagona chora bo‘lgan”, — deb yozadi “Gazeta.uz”.

Tramvay yo‘li qurilishi borasidagi rejalarning o‘zgarishi bo‘yicha rasmiy axborot berilmagan. Demontajda ishtirok etayotgan quruvchilarning so‘zlariga ko‘ra, bu yerda gap relslarni yangilash emas, balki aynan olib tashlash haqida bormoqda. Ayni vaqtda, Ohangaron yo‘liga qadar avtoyo‘l qurish rejasi o‘z kuchida qolgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, eski ToshMI atrofida tramvay halqasi quriladi.