AQSh adliya departamenti Apple korporatsiyasiga qarshi san-bernardinolik terrorchining telefonini buzib ochish haqidagi ish bo‘yicha berilgan da’voni qaytarib olmoqchi, deb yozadi “Gazeta.ru” USA Today’ga tayanib.

Foto: TJournal

Foto: TJournal

Masala bilan tanish bo‘lgan amaldor aytishicha, mutaxassislar boshqacha usul bilan, ma’lumotlarni o‘chirmasdan turib qurilmaga kirishga muvaffaq bo‘lgan.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, hukumat Apple yordamiga “endi muhtoj emas”. Kompaniyaning o‘zida ushbu ma’lumot yuzasidan izoh berishmadi.

Eslatib o‘tamiz, 16-fevral kuni AQSh sudi Apple korporatsiyasi Federal qidiruv byurosi xodimlariga “San-Bernardino mergani”ning telefonini buzib, undagi ma’lumotlarni olishda yordam berishi lozimligi haqida qaror qabul qildi. Korporatsiya rahbari Tim Kuk bunga javoban sud qaroriga rasmiy e’tiroz bildirilishini ta’kidlagan.