O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 5-oktabr kuni Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida viloyat markazida zamonaviy tramvay liniyalarini barpo etish lozimligi, 2017-yilning Navro‘z bayramigacha shaharda tramvay yo‘nalishini ishga tushirish zarurligini ta’kidladi.

Foto: “Gazeta.uz”

Foto: “Gazeta.uz”

Qayd etish joiz, Samarqand — metrodan boshqa barcha yer usti jamoat transporti faoliyat yuritgan O‘zbekistondagi kam sonli shaharlardan biri hisoblanadi. Hozirgi kunda avtobuslar qatnovi shahar jamoat transportining asosi hisoblanadi — yo‘lovchilar soni yildan-yilga oshib borgani tufayli, yangi yo‘nalishlar, yo‘lovchilar uchun jetonlar ko‘rinishidagi qulayliklar joriy etilmoqda. 1957—2005-yillar oralig‘ida shaharda trolleybuslar qatnovi ham mavjud bo‘lgan. Samarqand tramvayining tarixi esa uzoq 1907-yilga borib taqaladi.

Ham yo‘lovchi, ham yuk tashuvchi

1907-yilda shahar ma’muriyati shaharda tramvay harakatini yo‘lga qo‘yish kerak, degan qarorga kelgan. Samarqand rahbarlarining fikricha, shahardagi tramvay ham yo‘lovchi tashishi, ham temiryo‘l vokzalidan omborlarga mahsulot ham tashiy olishi kerak edi.

Shu maqsadda Rossiyada maxsus platformali vagonlarga ham buyurtma berilgan. Biroq moliyaviy muammolar, keyin boshqa sabablar bilan transport muammosini hal qilish keyinga qoldirilgan.

Samarqandning bug‘ tramvayi

1924-yili, Samarqand yangi tashkil etilgan O‘zbekiston nomli davlatning poytaxtiga aylanganidan so‘ng, mahalliy ma’muriyat temiryo‘l vokzalidan shahar markaziga qadar qatnovchi tor izli temiryo‘l qurish haqida qaror qabul qilgan. Ish jadal olib borilgan va 1924-yilning 7-noyabr kuni marsh sadolari ostida birinchi poyezd yo‘lga chiqqan.

Biroq bu poyezdning umri uzoq davom etmagan — 1930-yili O‘zbekiston poytaxti Samarqanddan Toshkentga ko‘chirilishi bilan, tor izdan harakatlanuvchi tramvayning faoliyati ham tugagan.

Samarqandning elektr tramvayi

1942-yili eski tor izli temiryo‘l bo‘ylab yangi, keng izli temiryo‘l bo‘lagi qurildi — u shahar vokzalidan Siyob bozoriga yo‘lovchilar va yuklarni yetkazish uchun xizmat qilardi. 1947-yili Siyob bozori yaqinida tramvay deposi qurildi, liniya elektrlashtirildi, raz’ezdlar tayyorlandi va Toshkentdan eski tramvaylar olib kelindi.

1947-yil 1-may kuni Samarqandda elektr tramvay tantanali ravishda ishga tushirildi. Dastlabki davrlarda bu tramvay yo‘li bo‘ylab nafaqat yo‘lovchi vagonlari, balki poyezd sostavlari ham harakatlangan.

Foto: “Transphoto.ru”

Foto: “Transphoto.ru”

Samarqand eski tramvayining so‘nggi kuni

Samarqand elektr tramvayi faoliyatining dastlabki davrida Toshkentdagi 2-tramvay deposida kapital ta’mirdan chiqqan motorli va tirkamali vagonlardan iborat bo‘lgan. 1950—1960-yillarda esa Rossiyadagi Ust-Katav vagonsozlik zavodidan 9 ta “KTM/KTP-1” va 7 ta “KTM/KTP-2” tramvaylari xarid qilingan.

1973-yil 28-avgust — Samarqand tramvayi faoliyat ko‘rsatgan so‘nggi kun hisoblanadi. Shundan so‘ng ko‘hna shaharda tramvaylar harakati to‘xtatilgan, tramvay liniyalari va depo demontaj qilingan.