Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan pazandalik xalqaro tanlovida Taxiatosh energetika kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Ruslan Qo‘ziboyev birinchi o‘rinni egalladi, deya xabar bermoqda “1news.uz”.

Gabala. Foto: Flickr

Gabala. Foto: Flickr

Ozarbayjon madaniyat va turizm vazirligi tomonidan manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda to‘rtinchi bora o‘tkazilgan tanlovda 37 mamlakatdan kelgan mohir oshpazlar ishtirok etdi.

Qatnashchilar turli-tuman milliy taomlar, ichimliklar va shirinliklarni taqdim etdi. G‘oliblik qoraqalpoq milliy taomi — jo‘xori unidan beshbarmoq tayyorlagan O‘zbekiston vakiliga nasib etdi.

“Pazandalik san’atiga bolaligimdan qiziqib kelaman, — dedi Ruslan Qo‘ziboyev. — Bundan oldin ham bir nechta tanlovlarda qatnashganman. Xususan, shu yilning iyunida kollej o‘quvchilari o‘rtasidagi “Oltin pichoq” tanlovida g‘olib bo‘ldim va respublika bosqichiga chiqdim… Gabaladagi tanlovda men tayyorlagan taom barcha ishtirokchilarni qiziqtirib qo‘ydi. Ko‘pchilik xorijlik oshpazlar uning retseptini yozib oldi”.