O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova va qizi Lola Karimova-Tillayeva 2016-yil 10-oktabr kuni Toshkent markazida qad rostlagan “Minor” jome’ masjidini ziyorat qilish maqsadida tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi xabar berdi.

Foto: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi

Foto: O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi

Ushbu masjidni respublikaning birinchi Prezidenti I.A.Karimovning bevosita tavsiyalari va tashabbusi bilan 2013-yil 29-iyulda Toshkent shahrining Minor mahallasi hududida bunyod etilgan. O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimovning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova va qizi Lola Karimova-Tillayevani O‘MI Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov, Toshkent shahar vakilligi xodimlari va masjid jamoasi kutib oldi.

Ziyoratchilar dastavval masjidga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishlab turgan favvora va hududda olib borilgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishtirildi. Shuningdek, masjidning ichki hovlisi, O‘MI Toshkent shahar vakilligi ma’muriyati xonasi va masjid xonaqohini ziyorat qildi.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Anvar qori Tursunov masjidning qurilish tarixi, masjid sig‘imi, yurtimizning turli viloyatlaridan kelayotgan ziyoratchilarning yurtimiz va yaqinda vafot etgan yurtboshimiz haqlariga qilayotgan duolarini aytib o‘tdi. A.Tursunov masjidning qurilishi O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prizidenti I.A.Karimov janoblarining tashabbusi bilan chiroyli va ko‘rkam holga keltirilganligini, ushbu qilingan barcha ishlar tahsinga sazovor ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Tatyana Karimova va Lola Karimova-Tillayeva “Minor” masjidiga qilgan ziyoratidan mamnun bo‘lganini bildirib, birinchi Prezidentning 1992-yil Umra safarida Saudiya Arabistoni qiroli tomonidan hadya qilingan kisvani masjid jamoasiga hadya qildi. Ushbu ka’bapo‘shning qadri yana shu bilan balandki, ushbu kisva bir yil davomida Kabayi Muazzama ichida saqlangan.

Ziyorat so‘ngida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimovning haqlariga Qur’on tilovat qilinib, ruhi poklariga bag‘ishlandi. Shuningdek, ziyoratchilarga “Minor” masjidi nomidan esdalik sovg‘alar topshirildi.