Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on 29-noyabr, seshanba kuni Turkiya Bashar Asad rejimiga nuqta qo‘yish uchun Suriyada harbiy operatsiya boshlaganini ma’lum qildi, deb yozadi “Interfaks”. Bu haqda u Istanbulda Yaqin Sharq muammolariga bag‘ishlangan simpoziumda aytib o‘tdi.

Foto: Reuters

Foto: Reuters

“Mening hisob-kitobim bo‘yicha, Suriyada 1 millionga yaqin kishi halok bo‘ldi. Bu o‘limlar davom etmoqda… BMT qani? U nima qilayapti? U Iroqdami? Yo‘q. Biz osoyishtalik tarafdori edik, ammo boshqa bunday qila olmaymiz, va Suriyaga ‘Suriya ozodlik armiyasi’ bilan birgalikda kirishga majbur bo‘ldik”, — dedi Erdo‘g‘on.

“Biz nima uchun kirdik? Biz Suriya yeriga da’vogarlik qilayotganimiz yo‘q. Bu yerlar o‘zining haqiqiy xo‘jayinlariga tegishli bo‘lishi uchun. Biz u yerda adolatni qayta tiklash maqsadida ekanligimizni aytish uchun. Biz u yerga mamlakatda davlat terrorini uyushtirgan zolim hukmdor Asadga barham berish uchun kirdik. Boshqa sabablari yo‘q edi”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

24-avgust kuni Turkiya armiyasi Suriyada IShIDga qarshi “Frot qalqoni” operatsiyasini boshlagan edi.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.