Virgin America aviakompaniyasining San-Fransiskodan Bostonga yo‘l olayotgan tungi reysi bortida “Samsung Galaxy Note 7_1097” nomli Wi-Fi tarmog‘i paydo bo‘lgach, samolyot Vayoming shtatida favqulodda qo‘nishni amalga oshirishiga bir bahya qoldi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.

Foto: Twitter / @lucaswoj

Foto: Twitter / @lucaswoj

Galaxy Note 7 egasiga bortprovodnikni chaqiruvchi tugmani bosish tavsiya etildi. Ammo yo‘lovchilardan hech biri javob qaytarmadi. 15 daqiqadan so‘ng ekipaj a’zolaridan biri so‘nggi chorani ko‘rishga majbur bo‘ldi.

“Bu hazil emas. Hozir chiroqlarni yoqib, smartfon (Samsung Galaxy Note 7) topilmagunicha barchangizning bagajlaringizni tekshiramiz”, – deya ma’lum qilindi yo‘lovchilarga.

Bu xabar ham samara bermadi. Yana 15 daqiqadan so‘ng havo kemasi kapitani aloqaga chiqib, smartfon egasi aniqlanmasa samolyot Vayoming aeroportiga favqulodda qo‘nishni amalga oshirishi haqida ogohlantirdi.

Shundan so‘ng hazilkash qilgan ishini tan oldi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, uning smartfoni Samsung Galaxy Note 7 bo‘lmagan, u shunchaki Wi-Fi nomini shunday nomlagan.

Virgin America aviakompaniyasi xodimlari bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.

Ayni vaqtda Galaxy Note 7 sotuvi taqiqlangan bo‘lib, smartfonni dunyoning ko‘plab yirik aviakompaniyalarining samolyotlari bortiga olib chiqish man etilgan.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.