Qozog‘iston prezidentining nevarasi Oysulton Nazarboyev mamlakatda hukumatning oliy eshelonlarini poraxo‘rlardan tozalash operatsiyasi ketayotganini aytdi. Bu haqda u Facebook’dagi sahifasida yozdi.

Foto: Aisultan Nazarbayev / Facebook

Foto: Aisultan Nazarbayev / Facebook

Uning so‘zlariga ko‘ra, jarayonga Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov rahbarlik qilmoqda. “Hech qayerda ‘xalq dushmani’ degan ibora ishlatilmay qo‘ygan, ammo bu oliy eshelonning o‘g‘ri mansabdorlariga nisbatan juda o‘rinli deb o‘ylayman. Ular bir-biriga emas, aynan xalqqa yomonlik qilayotgani uchun”, — deya qayd etdi davlat rahbarining nevarasi.

U Milliy bank raisi Doniyor Akishev va prezident ma’muriyati rahbari Odilbek Jaksibekovlarning qo‘l ostida ishlaydiganlar og‘ir jinoyatlarni amalga oshirishda gumon qilinayotganiga e’tibor qaratdi.

U, shuningdek, Qozog‘istonda ko‘chada ketayotgan har qanday kishi xalqning bor-yo‘g‘ini o‘girlashda bosh vazirning ijtimoiy taraqqiyot, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Imangali Tasmagambetov hamda bankir, mamlakatdagi eng badavlat kishi Bulat Utemuratov ishtirok etayotganini bilishini qo‘shib qo‘ydi.

“Bunday familiyalar aslida unchalik ko‘p ham emas. Shunchaki, ular keltirib chiqarayotgan negativ mamlakatni qandaydir qalin bulutlar bilan qoplab olmoqda”, — dedi Oysulton Nazarboyev.