Facebook ijtimoiy tarmog‘i asoschisi va rahbari Mark Sukerberg AQSh prezidenti bo‘lish istagi yo‘qligini ma’lum qildi. Bu haqda u BuzzFeed nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Sukerbergning tan olishicha, u bugungi kunda asosiy e’tiborini Facebook foydalanuvchilari hamjamiyatini rivojlantirish va Chan Zuckerberg Initiative xayriya loyihasidagi faoliyatiga qaratgan, shu sababli ham 2020-yilgi prezident saylovida nomzod sifatida qatnashmoqchi emas.

Facebook asoschisiga yaqin manba Sukerberg o‘zaro suhbatlar vaqtida ham prezidentlik kursisini egallash niyati yo‘qligini aytib o‘tganini bildirdi. Ijtimoiy tarmoq rahbari kelajakda AQSh hukumati tarkibida biror lavozimni egallashi mumkin, biroq bu uning uchun maqsad emas.

2016-yilning dekabrida Bloomberg agentligi Sukerberg biror davlat lavozimini egallagan taqdirida, Facebook ustidan nazoratni o‘zida saqlab qolishga qiziqayotgani haqida xabar bergan edi. Bu xabar internet foydalanuvchilari orasida Sukerberg prezident saylovida nomzod sifatida ishtirok etishi mumkinligi haqidagi bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Bu taxminning paydo bo‘lishiga asosiy sabab qilib Sukerberg AQShning barcha shtatlari aholisi bilan uchrashish istagini bildirgani, shuningdek, ko‘p yillar davomida Bushlar oilasi uchun ishlagan fotosuratchini yollagani ko‘rsatilgan edi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.