Jurnalist Feruz Muhammad O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yulduz Turdiyeva bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida xonanda nima uchun “Istiqlol” san’at saroyida konsert bermasligi sabablarini ham aytib o‘tdi.

Foto: Instagram / @yulduz_turdieva

Foto: Instagram / @yulduz_turdieva

— Nima uchun “Istiqlol”da konsert bermaysiz?

— “Istiqlol” san’at saroyida konsert berish uchun ovoz imkoniyatim, repertuarim yetarli, ammo o‘zimni hali tayyor deb bilmayapman. Muxlislardan, yon atrofimdagi insonlar va san’atkorlardan qachon konsert berasiz, vaqti hali ham kelmadimi, degan mazmunda ko‘plab savollar berilmoqda. Hozircha tayyor emasman.

— Konsert bermasligingiz sababi moddiy masala bilan bog‘liq emasmi?

— Yakkaxon konsert dasturini taqdim qilish uchun juda katta mablag‘ sarflanadi. Buncha katta mablag‘ni topish ham mumkin, ammo ichki, “tayyorman” degan tuyg‘uga, “konsert berishim kerak”, degan qat’iy qarorga hali kelmadim.

— Kun kelib konsert dasturingizni taqdim qilsangiz, dasturingiz jonli ijroda bo‘ladimi yoki fonogrammada?

— Xudo xohlasa, konsertim 100 foiz jonli ijroda bo‘ladi.

— Jonli ijroda konsert berayotganlar orasida kimlarning ijro mahoratiga yuqori baho berasiz?

— Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova, Jahongir Otajonov, Farhod Saidovning ijro mahorati, o‘z kuchiga ishonishi, musiqa va so‘z tanlashdagi sinchkovligiga tan bermasdan iloj yo‘q.

— 2017-yilda jonli ijroda konsert berayotgan xonandalarning safi yana ikkitaga kamaydi. Ya’ni, Ozodbek Nazarbekov hamda Gulsanam Mamazoitovaning 2017-yilda konsert bermaydi. Ikki xonanda bilan ham do‘stsiz, ularning bu qarorga kelishiga qanday munosabatdasiz?

— Ozodbek Nazarbekov, Gulsanam Mamazoitova ham odam, ular ham dam olishi kerak. Bundan tashqari, ular boshqa davlatlar hamda viloyatlarimiz bo‘ylab konsert dasturlarini taqdim qilishadi. Eng muhimi, ijoddan, intilishdan to‘xtashgani yo‘q.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.