Sevimli djinsingiz sig‘may qolgan va bir necha qavatga chiqish ham nafas siqilishiga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, ortiqcha bir necha kilogrammdan qutulishning ayni vaqtidir. Agar mashqlar uchun vaqtingiz yo‘q, diyetalarga esa amal qila olmasangiz, miyangizni “chalg‘itib”, kamroq yeyishning bir nechta oddiy usullari mavjud.

ozish

Kichkina tarelkadan taom tanovvul qiling

Tarelkangiz qanchalik katta bo‘lsa, unga shuncha ko‘p ovqat solasiz. Tabiiyki, ko‘proq yeysiz ham. Katta tarelkadan kamroq ovqat yesangiz, oz yegandek va to‘ymagandek bo‘lasiz. Tarelkani kichigiga almashtirsangiz undagi taomni tugatishingiz bilan o‘zingizni to‘q his qilasiz.

Yoningizda doim suv olib yuring

Biror ish bilan bandligingizda ko‘pincha o‘ylab ham o‘tirmasdan gazli suv yoki qahva bilan chanqog‘ingizni bosasiz. Yoningizda doim oddiy suv olib yurishga harakat qiling. Masalan, uni ish stolingizga qo‘yishingiz mumkin. Suv qo‘l cho‘zsa yetadigan masofada tursa, uni ko‘proq ichasiz. Kuniga 1,5—2 litr suv ichish esa moddalar almashinuvini yaxshilaydi, organizmni tozalab, yog‘ qatlamlaridan osonroq qutulish imkonini beradi.

Rangi ovqat rangidan kuchli farqlanuvchi tarelkadan foydalaning

Tarelka rangi taom rangi bilan mos tushganda siz avtomatik ravishda unga ko‘proq ovqat solasiz. Chunki miyangiz ovqat porsiyasini tarelkadan farqlashga qiynaladi.  Shuning uchun ko‘k yoki yashil rangli tarelkalardan foydalanishni tavsiya etamiz. Ular makaron yoki kartoshka rangidan yaxshigina farq qiladi (demak, ulardan kamroq solasiz).

Foydali mahsulotlarni ko‘rinadigan joyda saqlang

Masalan, mevalar yoki yong‘oq solingan idishni kirish eshigi yonidagi javonda yoki uydan chiqishdan oldin albatta yonidan o‘tadigan joyda saqlang. Shoshayotgan va och bo‘lsangiz, albatta birinchi uchragan narsani o‘zingiz bilan olishga harakat qilasiz.

Zararli taomlarni folgada saqlang

Zararli taomlarni ko‘rinmaydigan, foydali mahsulotlarni esa aksincha shaffof o‘ramda saqlashga harakat qiling. Chunki miya nima yemoqchi ekanligingizni aksariyat hollarda ko‘z ko‘rib turgan narsalardan aniqlaydi. Shu tariqa zararli mahsulotlarni ko‘rinmaydigan joyda saqlasangiz, ularni tanovvul qilish istagi ham paydo bo‘lmaydi. Xuddi shu sababga ko‘ra, oshpazlik ko‘rsatuvlari va taomlar haqidagi filmlarni tomosha qilishga ko‘p ham berilmang: ular ham ishtahani ochadi.