O‘zbekistonda fuqarolarga munosib hayot tarzini ta’minlash, ular farovonligini oshirish bo‘yicha katta hajmdagi ishlar bajarilmoqda, iqtisodiyot muttasil rivojlanmoqda. Afsuski, mazkur ijobiy holatlar barobarida hali qator kamchiliklarga, xatolarga ham yo‘l qo‘yilmoqda. Tarix fanlari doktori, professor Abduhalil Mavrulov bu haqda quyidagi fikr-mulohazalarni bildirdi. 

O‘tgan yilning 9 oyida mamlakat bo‘yicha 61 mingdan ortiq jinoyat va 2,5 millondan ortiq huquqbuzarliklar qayd etildi. Davlat organlari, sud, prokuratura muassasalariga odamlarning murojaatlari ko‘payib bormoqda. Bunday holat, shubhasiz, ayrim xodimlar, vatandoshlarimizning nafs balosiga giriftor bo‘lishi natijasida ham yuz bermoqda. Shuning uchun ham ushbu salbiy ko‘rinishdagi illatga qarshi kurashish oldimizda turgan eng katta vazifalardan biri hisoblanadi. 

Xalqimiz ijtimoiy ongiga tobora chuqurroq o‘rnashib borayotgan shunday qoidalar borki, ular jamiyatda ijtimoiy adolatni, tartib-intizomni o‘rnatishga xizmat qilmoqda. Ana shunday qoidalardan biri ijtimoiy tabaqalanishning pasaytirishga qaratilgan “mamlakatimizda o‘ta boylar ham, o‘ta kambag‘allar ham bo‘lmaydi”, degan siyosatdir. Nazarimizda, bu o‘ta adolatli siyosat hisoblanadi. Gap shundaki, har qanday adolatsizlik ijtimoiy tabaqalanishning chuqurlashuvi tufayli sodir bo‘ladi. Bir jamiyatda, deyarli bir sharoitda, mos imkoniyatlar davrida bir toifa odamlarning haddan tashqari boyib ketishi, ayni paytda, o‘ta kambag‘allarning ko‘payishi noroziliklar, ijtimoiy ko‘ngilsizliklarga yo‘l ochadi. Jamiyatning shu tarzda ikki pallaga bo‘linib qolishi esa, shubhasiz, ayrim kishilarning shayton yo‘liga kirib, nafsga qul bo‘lishi oqibatidadir.

Inson nafsining hakalak otishiga bir qancha omillar, jumladan, boylik, amal, mavqe, martaba kabi unsurlar ta’sir qilsa-da, ammo bu jarayonda iqstisodiy jihatning o‘rni katta. Masalaga oddiy bir holat sifatida qaraydigan bo‘lsak, inson faoliyatida iqtisodning o‘rni katta. Barchamiz yaxshi yashashni, yaxshi ovqatlanishni, yaxshi kiyinishni suyamiz, unga intilamiz. Buning yomon joyi yo‘q. Ammo bunday qulayliklarga erishish uchun adolatsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, milliy fe’l-atvor va jamiyat qonunlariga so‘zsiz amal qilish, nafsimizni jilovlay olishimiz muhim. Buyuk mutafakkir Arastu “Fazilat — me’yorni bilishdan iborat” deb ta’kidlagandi.

Shu ma’noda inson hayotida iqtisodiy faoliyat, undan keladigan foydani ham me’yorda anglash va shunday munosabatda bo‘lish o‘ta foydali. Bu narsa islom olamida iqtisodiy vasatiylik (mo‘’tadillik), deb nomlanadi. Islomda molu dunyoning ortidan tushib, unga qul bo‘lib qolishga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, mol-dunyoni tamoman inkor qilishga targ‘ib ham qilinmaydi. Mol-u mulk masalasida mo‘tadillik, afsuski, ayrim hollarda ayrim vatandoshlarimiz tomonidan buzilayotganligini ko‘rishimiz mumkin. Tasavvur qilaylik, bir oiladagi ota-ona, 2 yoki 3 nafar farzand uchun nechta xonali uy kerak? Ayrim xonadonlarda mezbon maqtanish uchunmi, o‘z xonadonidagi ayrim xonalarga yillab kirmaganligini gapiradi. 

Ayrim yoshlarimizda tezroq boyish, imkoniyatlarga ega bo‘lish, o‘zining ehtiyojlarini bir zarb bilan qondirish kabi “sifat”lar paydo bo‘lmoqda. Vaholanki, moddiy jihatdan lazzatlanish har birimizda ma’naviy qadriyatlarga bo‘lgan e’tiborimizni susaytiradi, oxir-oqibat kishilarni “mol quli”ga aylantiradi. Shu ma’noda, bizning tarbiya tizimimizda ma’naviy lazzatlanishga alohida ahamiyat beriladi. Nazarimizda, “och qornim—tinch qulog‘im” degan maqol o‘zbekning o‘zbekligini, uning boy ma’naviy kuchini ko‘rsatadigan qadriyatdir. 

Qolaversa, davlat rahbarining “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Xalq boy bo‘lsa , davlat ham boy va qudratli bo‘ladi” kabi fikrlari, g‘oyalari, hech shubhasiz, ayrim fuqarolarimiz orasidagi nafs qulligi darajasini kamaytirishga imkon beradi. 

Nafs balosidan qutulish insonni ko‘klarga ko‘taradi, jamiyatni poklantiradi, odamlarni vijdon azobidan qutqaradi, baxtli qiladi. Bu juda og‘ir vazifa. Ammo bugungi O‘zbekiston jamiyati aynan ana shu yo‘ldan bormoqda. 

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.