Somon Air aviakompaniyasining samolyoti 10-fevral, juma kuni, tongda texnik reys bilan Tojikiston poytaxti Dushanbedan O‘zbekiston poytaxti Toshkentga uchib keldi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi 25 yil avval to‘xtab qolgan muntazam aviaparvozlar 2017-yil 20-fevraldan qayta yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Somon Air aviakompaniyasi matbuot xizmatiga tayanib, “TASS” xabar berdi.

Foto: “Novosti Uzbekistana”

Foto: “Novosti Uzbekistana”

Somon Air bortida Tojikiston aviatsiya tizimi delegatsiyasi, jurnalistlar va 140 dollarga avvaldan chipta sotib olgan 14 nafar oddiy yo‘lovchi uchib keldi.

Aviakompaniya tomonidan berilgan xabarda ta’kidlanishicha, Somon Air rahbariyati Toshkent aeroporti va “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi vakillari bilan reyslar ochilishi yuzasidan amaliy masalalarni hal qilish uchun muzokaralar olib borishni maqsad qilib qo‘ygan.

Somon Air Toshkentga qishki mavsumda haftada bitta – dushanba kuni, yozgi mavsumda esa haftada ikkita – dushanba va payshanba kunlari reys amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Dushanbedan Toshkentgacha parvoz vaqti 45 daqiqani tashkil etadi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.