“Xalq salomatligi: muammo va dolzarb vazifalar” mavzusida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot davomida soha mutaxassislarini yetkazib beruvchi oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud kamchiliklar muhokama qilindi.

Foto: “Gazeta.uz”

Foto: “Gazeta.uz”

Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Laziz To‘ychiyev 2017-yil 5-yanvardagi uchrashuvda davlat rahbari tomonidan qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqqan holda bir qator amaliy ishlar bajarilganini aytib o‘tdi. Jumladan, akademiyaning bir guruh talabalari uchun darslar ikki haftadan buyon Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi beshta qishloq vrachlik punktida o‘tilmoqda.

Akademiya rahbari mavjud muammolarga ham alohida e’tibor qaratdi.

Avvalambor, bizning talaba shu oliygohni tugatganidan keyin qayerda ishlaydi, kim bo‘lib ishlaydi? Shu savolga o‘zi javob berishi kerak. Yaqinda talabalar o‘rtasida so‘rov o‘tkazdik. 6–7-kursda o‘qiydigan talabalarning ba’zilari kim bo‘lishini hali ham bilmaydi. Bu, albatta, bizning aybimiz. Yana bitta katta muammo: biz talabani yetti yil davomida tashxis qo‘yishga, bemorni davolashga o‘rgatamiz. Biroq odamlar bilan muomala qilishni o‘rgatmaymiz.

Laziz To‘ychiyev, Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori

Rektorning ta’kidlashicha, Toshkent tibbiyot akademiyasida tahsil olmoqchi bo‘lgan abituriyentlarning hammasi ham qaysi oliy o‘quv yurtida o‘qimoqchiligini, kelajakda kim bo‘lib chiqishini yaxshi bilmaydi. Bu masala yuzasidan har bir yangi talaba bilan tushuntirish ishlari olib borilishi ta’kidlandi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.