Moskva shahrida “Prodekspo–2017” oziq-ovqat mahsulotlari xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston kompaniya va korxonalari o‘z mahsulotlari va xizmatlari bilan qatnashdi, deb yozadi O‘zA.

Foto: “Prodekspo”

Foto: “Prodekspo”

Xalqaro ko‘rgazmada MDH davlatlari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Turkiya, Xitoy, Janubiy Koreya va Eron kabi 50 dan ortiq mamlakatdan 2 mingdan ziyod ishtirokchi o‘z mahsulotlari bilan qatnashdi, 29 mamlakatning milliy ekspozitsiyasi tashkil qilindi. Dunyoning 40 ga yaqin mamlakatidan mehmonlar tashrif buyurdi.

O‘zbekiston o‘rik, olxo‘ri, uzum, yong‘oq, karam va boshqa ko‘plab meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyodagi o‘nta yetakchi davlat qatorida turadi. Qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan izchil ishlar samarasida 180 turdan ziyod meva-sabzavot va ularni qayta ishlash asosida tayyorlangan mahsulotlar dunyo bozorlariga eksport qilinmoqda. So‘nggi uch yilda tashqi bozorga yo‘naltirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi uch barobardan oshdi.

“Prodekspo–2017” forumida oziq-ovqat mahsulotlari, ularni yetishtirish va qayta ishlashga oid eng so‘nggi yutuqlar namoyish etildi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining eksportini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan ma’lum qilishlaricha, mazkur xalqaro ko‘rgazmada o‘zbekistonlik tadbirkorlar tomonidan 64 million AQSh dollari miqdorida eksport shartnomalari imzolandi. Ko‘rgazma ishtirokchilari O‘zbekiston milliy stendida mamlakatning oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish borasidagi salohiyati va imkoniyatlari, sohada taklif etilayotgan xizmatlar bilan tanishdi.

24-xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasida “O‘zagroeksport” AJ, “Inter Sok”, “Mavis”, “Tillaxon”, Hydrolife Agro Eco kabi o‘nga yaqin kompaniya o‘z mahsulotlarini namoyish qildi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.