O‘zbekistonda xorijdan keltiriladigan dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiyot asbob-uskunalari hamda dori vositalarini ishlab chiqarishda foydalanish uchun xomashyolarga nisbatan bojxona to‘lovlaridan keng ko‘lamli imtiyozlar qo‘llanib kelinmoqda. Shunga qaramay, mazkur qulayliklardan unumli foydalanish o‘rniga tadbirkorlikning soxta yo‘lini afzal bilgan ayrim ustomonlar ham uchrab turibdi. Bu haqda “Daryo”ga “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi axborot xizmati xabar bermoqda. 

Foto: “Toshkent-Aero” axborot xizmati

Foto: “Toshkent-Aero” axborot xizmati

Toshkentlik G.Usmonova (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) Dehlidan qaytayotib, poytaxt aeroportida tegishli hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan 390 dona ko‘z uchun mo‘ljallangan dori vositalarini yashirincha olib o‘tishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

Istanbuldan qaytgan A.Umirov, U.Hamidova, L.Atoyev, X.Yagmurov, Dehlidan uchib kelgan A.Turg‘unov ham dori vositalarini yashirin ravishda bojxona chegaralaridan olib o‘tishga uringan paytda fosh qilindi. Ushbu qonunubzarlik holatlarida ular tomonidan jami qiymati 4 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 405 dona dori vositasining noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi. 

Turkiyadagi safarini yakunlab, mamlakatga kelgan xorijiy fuqarolardan biri V.Sodiq ham bojxona qoidalarini buzishga urindi. U yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham, og‘zaki so‘rovlar paytida ham ma’lum qilmasdan turib, 37 dona stomatologiya plombasini olib kirmoqchi bo‘ldi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Shuningdek, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan “Moskva—Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan A.To‘xtayevga tegishli yuk bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ushbu shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan hamda bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida ma’lum qilinmagan 150 dona sun’iy eshitish moslamasini bojxona nazoratidan yashirin ravishda olib kirishga harakat qildi.

A.To‘xtayev bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida, ushbu shaxs qiymati salkam 153 million so‘mlik mazkur tibbiy buyumlarni ularning o‘ramlarisiz olib kirishga harakat qilgan. Shu boisdan ham dori vositalari va tibbiy texnika sifatini nazorat qilish bo‘yicha mutaxassislar mazkur sun’iy eshitish moslamalarini O‘zbekiston Respublikasida qayd etilgan dori vositalari va tibbiy buyumlar davlat reyestriga kiritilganligi to‘g‘risida ma’lumot berish hamda tahlil ishlari olib borish imkoni yo‘q, degan to‘xtamga kelishdi. Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Ta’kidlash joizki, 2016-yilda “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda aniqlangan 130 dan ortiq qonunbuzarlik holatlarida qiymati 2,4 milliard so‘mdan ortiq dori vositalari va tibbiy buyumlarning yashirin olib o‘tilishiga chek qo‘yildi.

Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.