Hindiston 2030-yilga borib Oydan geliy-3 qazib olish va uni energiya resursi sifatida ishlatishga tayyor bo‘ladi. Bu haqda Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) professori Sivatxan Pillai ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kommersant.ru”.

Olim u faoliyat yuritadigan muassasa Oy yuzasi bo‘yicha ish olib borishga tayyorlanayotganini, mazkur jarayon 10 yil ichida amalga oshishini qayd etdi.

Avvalroq Yerning tabiiy yo‘ldoshida geliy-3 qazib olish imkoniyati haqida rossiyalik olim Vyacheslav Bobin axborot bergan edi. Uning fikricha, buning natijasida Oyni o‘zlashtirish uchun ketadigan xarajatlar bir necha bor qoplanadi.

Rossiya va Hindiston olimlarining hisob-kitobiga ko‘ra, Oyda geliy-3 resursi unga qiziqish bildirgan barcha mamlakatlarni izotop bilan ta’minlashga yetadigan miqdorga teng.

Geliy-3 ni termoyadroviy sintez qilish natijasida ajralib chiqqan quvvat neftning yonishi natijasida yuzaga keladigan energiyadan 15 million marta ko‘proqdir.

Hozirgi vaqtda Yerda yiliga bir necha o‘n gramm geliy-3 tayyorlanadi, xolos.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!