Toshkentda 22-fevral kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Business Sweden Shvetsiya savdo va investitsiyalar kengashi hamkorligida O‘zbekiston—Shvetsiya biznes forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Unda ikki mamlakatning geologiya va mineral resurslar, iqtisodiyot, mashinasozlik, energetika kabi sohalari uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Foto: “Chamber.uz”

Foto: “Chamber.uz”

Forumda O‘zbekistonning geologiya va mineral resurslar, transport infratuzilmasi, savdo-sanoat, energetika sohalaridagi muvaffaqiyatlari, Shvetsiyaning axborot texnologiyalari, tog‘-kon, elektr-energetika, qurilish kabi sohalardagi kompaniyalari faoliyati haqida ma’lumot berildi.

Forumda mamlakatimizning 15 yetakchi kompaniyasi ishtirok etmoqda. Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat. Mamlakatingizning tog‘-kon sanoati, temir yo‘llar kabi sohalarining yirik korxona va kompaniyalarining faoliyati bilan yaqindan tanishishni rejalashtirganmiz.

Ingrid Tersman, Shvetsiyaning O‘zbekistondagi elchisi

Anjumanda O‘zbekiston bilan Shvetsiya o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, avtomobilsozlik, energetika va energiya tejash, elektr texnikasi, oziq-ovqat sanoati sohalaridagi sarmoyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ichki va tashqi bozorlarda talabgor bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shu kuni O‘zbekiston va Shvetsiya ishbilarmonlari o‘rtasida kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tdi.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!