Joriy yilning 21-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Davron Xidoyatov Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yerik Utembaev bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Davlat raqobat qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda qo‘mita raisi xususiylashtirish dasturi haqida, shuningdek, korporativ boshqaruv va xususiylashtirish sohasidagi amaliyotga tadbiq etilayotgan yangiliklar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berib, bugungi kunda keng miqyosda amalga oshirilayotgan IPO dasturlari va investorlar huquqlarini to‘liq himoya qilish mexanizmilariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Suhbat davomida tomonlar mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘llari haqida fikr almashdi. Xususiylashtirish dasturi Yerik Utembayevda katta qiziqish uyg‘otdi va unga o‘z mamlakatining ishchi doiralarini keng jalb qilish kerak ekanligi ta’kidlandi. Investorlar uchun qiziqarli sohalar sifatida kimyo sanoati, turizm, transport, qurilish materiallari, moliyaviy va boshqalar ko‘rsatib o‘tildi.

Uchrashuv so‘nggida tomonlar hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan bir qator aniq chora-tadbirlar, jumladan, mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida aloqalarni kuchaytirish, tashkil etilayotgan biznes forumlarda ishtirok etish, tadbirkorlarning ishchi safarlarini tashkil etish hamda istiqbolli loyihalarni tashkil etish orqali investorlarning qiziqishlarini uyg‘otish kabilar belgilab olindi.

“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!