19-may jumaga o‘tar kechasi, soat 00:45 da Toshkent osmonidan o‘zidan uzun iz qoldirib yorqin samo jismi uchib o‘tdi. Uning suratlari va videolari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”.

Foto: “Gazeta.uz”

Foto: “Gazeta.uz”

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Astronomiya instituti direktori o‘rinbosari Sobit Ilyosovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hududiga osmon jismi qulagani haqida hech qanday xabar bo‘lmagan.

Institut xodimlari internetdagi videomateriallarni tahlil qilib, bu “oddiy meteorit hodisasi” degan xulosaga keldi. Yorqin ko‘ringan narsalar meteorit qismlarining Yer atmosferasining zich qatlamida yonishidan hosil bo‘lgan.

Meteoritlar — Quyosh sistemasining sayyoralararo fazodan Yer yuziga tushadigan qattiq jismlaridir. Quyosh atrofida elliptik orbita boʻylab aylanayotgan son-sanoqsiz qattiq jismlardan ayrimlarining orbitasi oʻzgarishi natijasida Yer bilan toʻqnashadi. Katta tezlikda (11–75 km/soniya) harakat qilayotgan bunday jismlardan massasi kichiklari (1—10 gramm) Yer atmosferasida meteor hodisa hosil qilsa, kattalari (1 – 1000 kilogramm) atmosferada butunlay erib ulgurmay Yer yuziga tushadi.

Ba’zida yer atmosferasi 100 grammdan ortiqroq meteor jismlar bilan to‘qnashadi. Bu vaqtda atmosferada meteorga nisbatan yoqin hodisa hosil bo‘ladi. U bolid deyiladi.

Bolid uzun iz qoldiruvchi yorqin katta shar ko‘rinishida bo‘ladi. Sharning mayda bo‘laklarga bo‘linishidan bir necha soniya o‘tib undan shovqin, hushtak va gumburlashlar eshitiladi.

“Toshkentliklar og‘irligi 100 grammdan oshmaydigan bolidni kuzatishgan”, — dedi Sobit Ilyosov. Shuningdek, u bolidning paydo bo‘lishi atrof-muhitga va radiatsiya muhitiga ta’sir qilmasligini qo‘shimcha qildi.