Amerikalik dizayner Dyueyn King 1972-yilda uchirilgan Pioneer 10 stansiyasi Al-Dabaran tomonga eltayotgan “yulduzlararo maktub”ni 200 nusxada chiqarish niyatida. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.

Foto: NASA

Foto: NASA

“Yulduzlarga yuborilgan mazkur maktub qachonlardir yaratilgan vizual materiallar orasida eng qoyilmaqomi bo‘lsa ajab emas. Men uni Yerga qaytarishni istayman”, — deya ta’kidladi King maktub nusxalarini tayyorlash uchun mablag‘ to‘plash kampaniyasi oldidan.

O‘zga sivilizatsiyalarga maktub vodorod molekulasi, erkak va ayol timsollari, Quyoshning Galaktika markazi va 14 pulsarga nisbatan joylashuvi, shuningdek, Quyosh tizimi sxemasi va qurilmaning sayyoralarga nisbatan harakati tasvirlangan qattiq qotishmali plastinadan iborat.

King 16-iyungacha 200 ta nusxani tayyorlash uchun jami 70 ming dollar to‘plash niyatida. Ulardan bir qismi qo‘l mehnati, qolgani lazer nuri yordamida bajariladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, hozirda Pioneer 10 Yerdan 15,4 milliard kilometr uzoqlashdi va soniyasiga 12,5 kilometr tezlikda Al-Dabaran yulduzi tomon harakatlanmoqda. Olimlar qurilma u yerga 2 million yildan so‘ng yetib borishini taxmin qildi.