Toshkent arxitektura-qurilish instituti (TAQI)da 3-iyun kuni “Arxitektura simpoziumi” bo‘lib o‘tdi. “Gazeta.uz”ning xabar berishicha, unda germaniyalik ekspertlar — Tilo Xilpert va Yens Yordan toshkentlik arxitektorlar, urbanistlar va shaharsozlar bilan birga zamonaviy shaharni rejalashtirish masalalarini muhokama qildi.

Foto: “Gazeta.uz”

Tadbirda hududlarni rekonstruksiya qilish, jamoat transporti tizimlarini loyihalashtirish va zamonaviy g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish muammolari kabi mavzular ko‘tarildi. O‘zbekistonlik arxitektorlar va shaharsozlar o‘z chiqishlarida mamlakatdagi shaharlarni rejalashtirish sohasida islohotlar o‘tkazish zarurlarini ta’kidladi.

“Shaharsozlik — bu idoralar o‘rtasida muvofiqlashtiruvni talab qiladigan murakkab jarayon. Bizga ‘miya markazi’ kerak. Sobiq Ittifoq davrida uchta shunday markaz bor edi. Hozir O‘zbekistonda bunday markaz yo‘q. Bunday muassasaning tashkil etilishi favqulodda muhim ahamiyatga ega”, — dedi TAQIning “Shaharsozlik va landshaft arxitekturasi” kafedrasi mudiri, professor Muhammad Ahmedov.

Uning qayd etishicha, mamlakat shaharlarining hozir amalda bo‘lgan bosh rejalarini tasdiqlash jarayoni haddan ziyod byurokratik va, ayni vaqtda, modernizatsiyaga muhtoj. Shuningdek, professorning fikricha, O‘zbekiston shaharlarini rejalashtirishda hali ham 1980-yillarning metodologiyalari qo‘llanilmoqda.

“Shaharlarning bosh rejalari ustida ish olib boruvchi institutlar jamiyat uchun ochiq emas. Rejani ko‘rib chiqish amalda imkonsiz. Menda mavjud ma’lumotlarga asoslanib aytishim mumkinki, Toshkent shahrining va O‘zbekistonning boshqa ko‘plab shaharlari bosh rejalarida sobiq Ittifoq davridan beri mavjud muammolarning yechimlari ko‘rsatilmagan. Ba’zi g‘oyalar, masalan, shaharning ikki nuqtasini birlashtiruvchi katta magistrallar (‘xorda-magistrallar’)ning qurilishi davom etmoqda. Ular Toshkentning 1973-yilgi bosh rejasidayoq ko‘rsatib o‘tilgan edi”, — dedi TAQIning boshqa bir professori Shukur Asqarov, poytaxtning amaldagi bosh rejasi qanchalik dolzarb ekani haqidagi savolga javob berarkan.

Professor mahalliy ma’muriyat shaharlarni yaxshilash ishiga mahalliy mutaxassislarni jalb etmayotganidan norozilik bildirdi: “Men, ehtimol, ‘shaharsozlik’ mutaxassisligi bo‘yicha O‘zbekistondagi yagona fan doktori bo‘lsam kerak. Mustaqillikning o‘tgan barcha yillarida meni birorta ham shaharning bosh rejasi muhokamasiga taklif qilishmagan”, — dedi u.

Germaniyalik ekspert Tilo Xilpert esa o‘zining “Ferma-shaharlar” g‘oyasi haqida so‘zlab berdi. Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda katta shaharlarning aholisi oziq-ovqat muammosiga duch keladi, chunki yegulik iste’moli darajasi uni ishlab chiqarish ko‘rsatkichlaridan o‘zib ketmoqda.

Tilo Xilpert — Berlin, Frankfurt, Filadelfiya, Damashq va Chendudagi loyihalar ustida ish olib borgan arxitektor va shaharsoz.

Foto: “Gazeta.uz”

Tilo Xilpertning fikricha, mazkur muammoni hal etish uchun shaharlarning ichida, yuqori texnologik maxsus vertikal ferma binolarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish kerak. Olim bu haqda film namoyish etib, bunday loyiha Kanadaning Monreal shahrida ro‘yobga chiqarib bo‘linganini ma’lum qildi.

Toshkent haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlasharkan, Tilo Xilpert shaharni chiroyli deb atadi. “Chunki u juda to‘g‘ri, ajoyib qurilgan. Men bunda xiyobonlar, katta ko‘chalar tizimini nazarda tutmoqdaman”, — dedi germaniyalik mutaxassis.

Doktor Xilpert o‘zbekistonlik me’morlarning ishlariga yuqori baho berdi. U, ayniqsa, Toshkent markazida joylashgan va Ofeliya Oydinova loyihasi asosida qurilgan “Marvarid” (“Jemchug”) ko‘p xonadonli turar joy binosini alohida qayd etib o‘tdi. “Bu ekologik bino qurish yo‘lidagi juda dadil, utopik va erkin ijodiy urinishdir”, — dedi u.

“Arxitektura simpoziumi” Toshkentdagi Gyote-Institut va TAQI tomonidan “Neft zamonidan keyingi shahar. Kelajak shahri hikoyasi” ko‘rgazmasi doirasi tashkil etildi. Ko‘rgazma Badiiy akademiyaning Markaziy ko‘rgazmalar zalida 19-iyunga qadar davom etadi. Ko‘rgazmada Dubay, Abu-Dabi, Nyu-York va boshqa shaharlarda shahar makonlarini o‘zgartirish bo‘yicha amalga oshirilgan dadil yechimlar namoyishga qo‘yilgan.

“Gazeta.uz”ning qo‘shimcha qilishicha, simpozium doirasida TAQI talabalarining o‘quv arxitektura loyihalari ko‘rgazmasi ham bo‘lib o‘tdi. Ularning ba’zilari “Gazeta.uz” tomonidan e’lon qilindi.

“Chorsu” bozori rekonstruksiyasi loyihasi. Muallif: Baxtiyor To‘ychiyev, TAQI talabasi. 2017-yil.

Foto: “Gazeta.uz”

Sergeli avtomobil bozori rekonstruksiyasi loyihasi. Muallif: Akromxo‘ja Chingizov, TAQI talabasi. 2017-yil.

Foto: “Gazeta.uz”