Jasurbek Maxamadjon o‘g‘li Ibrohimov og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etganligi holati yuzasidan IIBB xabar berdi. Bayonot IIBBning rasmiy saytida keltirildi. Quyida bayonot matnini to‘liq keltiramiz.

Foto: “UzNews.uz”

Bugun, 2017-yilning 4-iyun kuni, Mirobod tumani IIBda Jasurbek Maxamadjon o‘g‘li Ibragimov og‘ir tan jarohatlari oqibatida vafot etganligi holati yuzasidan OAV vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Mazkur uchrashuvda huquqni muhofaza qilish idoralaridan: Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosari adliya kichik maslahatchisi F. X. Abdurahimov, Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i adliya katta maslahatchisi B. B. Maxsitov, Mirobod tumani prokurori adliya maslahatchisi A. G. Axunov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining o‘rinbosari polkovnik D. B. Toshxo‘jayev va Toshkent shahar IIBB boshqarma boshlig‘i polkovnik A. Sh. Umarxonovlar ishtirok etdi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida OAV vakillarining holat yuzasidan olib borilayotgan tergov-surishtiruv ishlari bilan bog‘liq barcha savollariga javob berildi.

Xususan, uchrashuvda dastlabki tergov davomida mazkur holatning kelib chiqish sabablari, ta’lim muassasasining o‘qituvchi-pedagoglari va tibbiyot xodimlarining xatti-harakatlariga ham huquqiy baho berilishi masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Bundan tashqari, ushbu uchrashuvda mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchi I. A. To‘laganovning ota-onasi ham ishtirok etib, OAV vakillarining savollariga javob berdi.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda, uning natijasi bo‘yicha saytimiz orqali qo‘shimcha ma’lumot berib boriladi.

Ilgariroq “Daryo” OAV bilan uchrashuvda ish yuzasidan oshkor etilgan faktlarni keltirgan edi.