Rasmiy Dushanbe 2018-yil oxirigacha Tojikistonda qurilayotgan Rog‘un GESining bir yo‘la uchta agregati ishga tushirilishi mumkinligini ma’lum qildi. O‘zbekiston esa to‘g‘onning qurilishi suvning ifloslanishiga olib keladi, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, degan fikrda. “Yevraziya.Ekspert” nashri “Markaziy Osiyo suv-energetika manbalari va suvdan foydalanish muammolarini tadqiq qilish instituti” xalqaro jamoatchilik fondi eksperti Zulfiya Marat bilan shu mavzuda  suhbatlashdi.

Foto: “Ent.tj”

U yaqin qo‘shnilarning har qanday xavfsirashlari va xavotirlariga doim quloq tutilishi kerakligi, muhokama qilinib, oxir-oqibat bartaraf etilishi kerakligini aytdi. “Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi uchrashuvlari muzokaralarning yangi davrasi bo‘lib o‘tishiga umid bag‘ishlamoqda”, — dedi u.

“Yirik GESlarni mintaqadagi yaqin qo‘shnilar ishtirokisiz qurish faqat nizo potensialining o‘sishiga olib keladi, bu turli ekstremistik kuchlarning kuchayish ehtimoli bor bo‘lgan sharoitlarda o‘ta xavfli. Elektr energiyasi sotuvidan tushadigan hech qanday ehtimoliy daromad ahil qo‘shnichilik aloqalari o‘rnini bosa olmaydi”, — dedi Zulfiya Marat.

Ekspert faqat mintaqadagi barcha davlatlar moliyaviy kuchlarini birlashtirsagina, Tojikistondagi Rog‘un GESini ham, Qirg‘izistondagi Qambarota GESini ham qurish muammolari samarali hal qilinishi mumkinligini aytdi.