O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifi doirasida viloyat hokimligida faollar bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda Prezident yoshlarni turli diniy-ekstremistik oqimlar ta’siridan asrash masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Alhamdulilloh, hammamiz musulmonmiz. Biz juda ko‘p joylarda jaholatga qarshi ma’rifat, islom dinini o‘rganish, o‘rgatish tashabbusi bilan chiqyapmiz. Islom — bu faqat nurli hayot. Islomni niqob qilib, terrorchi bo‘lish, boshqa oqimlarga kirish — bu andijonliklarga ham, O‘zbekistonga ham yarashmaydi.

O‘tgan safar Shayxontohurda bo‘lgan majlisda muftiy hazratlarini, tumanning 24 ta mahalla imom-xatiblarini taklif qilib, aytdim va buni hamma to‘g‘ri tushunsin. Shunday vaqt keldiki, hozir O‘zbekistonda diniy oqimga o‘tganni: “E, bu mening bolam emas”, deyapmiz. “Bu qo‘shnining bolasi”, deyapmiz. “Bu boshqa tumanning bolasi”, deyapmiz. Lekin u O‘zbekiston fuqarosi-ku!

Shayxontohurdagi majlisda men juda qattiq talab qo‘ydim va bugun Andijondagi din peshvolariga ham qattiq savol qo‘ymoqchiman. Agar beshta mahallada, misol uchun, 20—30 nafar adashganlar bo‘lsa, shu 20 nafardan beshtasi ashaddiy — u qaytmaydi. Ular bilan shug‘ullanish kerak emas. Ularni O‘zbekiston fuqaroligidan chiqarish kerak. Men ularni O‘zbekiston fuqaroligidan chiqarishga tayyorman.

Endi oqni oq, qorani qora deb aytadigan vaqt keldi. Kimgadir yoqmasa, kimdir bir vaqtning o‘zida ikki stulda o‘tiraman desa — unday mullolar bizga kerak emas. Davlat davlatchiligini qiladi. Qonun ustuvorligini ta’minlashga, Xudoga shukr, qurbim ham yetadi, bilimim ham yetadi, imkoniyatim ham yetadi.

Har bir odamning yuragida e’tiqodi bo‘lishi kerak. Agar e’tiqodiga munosib bo‘lib, Vataniga xizmat qilsa — u vatanparvar bo‘ladi. Agar u e’tiqodsiz bo‘lib, chalasavod bo‘lib, xiyonat qilib, ikkita stulda o‘tirsa, “Bu davlat o‘rniga boshqasi kelsa — ‘Akromiylar’ kelsa, ularning nayrangiga o‘ynayman”, desa — unaqalar menga o‘tmaydi.

Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekiston Prezidenti

Davlat rahbari imom-xatiblarga qarata shunday dedi: “Ertangi kunga tinchlik kerak bo‘lsa, o‘sha ashaddiysini O‘zbekiston fuqaroligidan chiqarish bo‘yicha menga taklif beradi. Adashganlarni esa ilmi bilan, e’tiqodi bilan, hayotdagi namunasi bilan bu ko‘chaga o‘tkazadi. Yo aytadi: ‘O‘rtoq tuman hokimi, bunga joy ber, yer ber, uy ber, hovli ber. Bu o‘zi asli ajabtovur odam ekan, sen noinsof adolatsizliging uchun, u ishsiz shunday bo‘lib yuribdi’”.

Ayni vaqtda, Shavkat Mirziyoyev bu masalada joylardagi ijro organlari ham xato qilayotganini qayd etib o‘tdi. “Bu gapni Shayxontohurda ham aytgan edim: bitta adashganning beshta qarindoshi bor, lekin biz o‘sha beshta qarindoshini ham ashaddiy dushman qilamiz. To‘yga chaqirmaymiz, marosimlarga chaqirmaymiz. Pichirlab aytamiz: ‘U falonchining akasi, falonchining o‘g‘li — chaqirma uni!’. Ey, ularda nima ayb? Uni o‘zimizga do‘st qilishimiz, chaqirishimiz, ma’rifatga boshlashimiz kerak — zora u ta’sir qila olsa nariyoqda yurgan qarindoshiga. Ana shuni ko‘ndalang qo‘yadigan vaqt keldi”, — dedi Prezident.