“Istiqlol” san’at saroyida mashhur tenor Andrea Bochellining konserti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Kuchli va yoqimli ovoz sohibi repertuaridan Macchine da guerra, Per amore, Ave Maria, Canto della Terra, Melodramma kabi singllar, Vivo per lei, The Prayer, Somos Novios, Because We Believe, What Child Is This, Bridge over Troubled Water kabi duetlar, “Bogema”, “Trubadur”, “Verter”, “Karmen”, “Andre Shene” kabi operalardagi ariyalar joy olgan.

— Sevgan mashg‘uloting bilan shug‘ullanish emas, shug‘ullanayotgan mashg‘ulotingni sevish muhimroq, — dedi Andrea Bochelli. — Bunga o‘z hayotim davomida amin bo‘lganman. Yoshligimda qayta kuylab berishimni iltimos qilishganida bu soha mening taqdirim ekanini tushunib yetganman. San’at tufayli shu darajaga yetdim. O‘zbekistonga safarim davomida mamlakatingiz madaniyati bilan tanishish istagidaman.

Italiyalik yana bir opera va estrada kuychisi Alessandro Safinaning chiqishi ham tomoshabinlar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. U O‘zbekistonga yana kelganidan mamnun ekanini, sevimli xonandasi Andrea Bochelli bilan ilk bor bir sahnada kuylash baxtiga Toshkentda muyassar bo‘lgani bejiz emasligini ta’kidladi.

Foto: O‘zA

A.Bochelli mashhur opera ariyalari hamda eng ommabop qo‘shiqlarini ijro etdi. Konsert O‘zbekiston Madaniyat vazirligi hamkorligida va Alisher Usmonov homiyligida tashkil qilindi.