Nyu-York apellyatsiya sudi shimpanze xuddi inson kabi huquqlarga ega bo‘lishi mumkinligini rad etdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi, deb yozadi “TASS”.

Foto: RUNYweb

Sud Nonhuman Rights Project huquqiy himoya tashkiloti da’vosini ko‘rib chiqdi. Huquq himoyachilari Tommi va Kiko laqabli ikki shimpanzeni tutqunlikdan ozod qilish va qo‘riqxonaga topshirilishiga erishishga urindi.

Tashkilot vakillari shimpanze ham odamlar singari erkinlik huquqiga ega ekanligi va qafasda saqlanmasligi lozimligini ta’kidladi. Ular hayvonlar himoyasi uchun britaniyalik olim Jeyn Gudollning shimpanze insonlarga xos hulq-atvorga ega ekanligi haqidagi xulosalarini keltirdi.

Biroq sud ushbu dalillarni qabul qilmadi. Sud qarorida ko‘rsatilgan umumiy xislatlar shimpanze odamlar kabi huquqiy majburiyatlar egasi yoki o‘z harakatlari uchun javob berishini anglatmasligi ta’kidlanadi.