8-iyun, payshanba kuni Sankt-Peterburgning Primorskiy tumani politsiyasiga yakka tartibdagi tadbirkor kelib ZSD (g‘arbiy tezyurar diametr, pulli trassa) trassasining 24-kilometrida 12 million rubl (210 500 dollar) yo‘qotib qo‘ygani haqida ma’lum qildi. Uning so‘zlarig ko‘ra, pullar mototsiklda ketayotganida ryukzakidan tushib qolgan. Shuningdek, ryukzakdan tovar hujjatlari ham tushib qolgan. Bu haqda “Fontanka” nashriga tayanib, Afisha Daily xabar berdi.

Voqea 6-iyun kuni sodir bo‘lgan, biroq erkak advokati bilan maslahatlashib olmagunga qadar politsiyaga ariza yozishga shoshmagan.

8-iyun kechasi tadbirkorga 2 million rublini qaytarib berishgan. Qolgan pullar esa egasiga qaytib kelmasligi mumkin.

Trassaga sochilib ketgan pullarni yo‘ldan o‘tayotgan  haydovchilar hamda yo‘lovchilar terib olgan. Nashrga ma’lum bo‘lishicha, ularning orasida ZSD xodimi Aziz ham bo‘lgan. U yig‘ilgan 1,5 million rubl pulni boshliqlariga oborib bergan. Ular esa o‘z navbatida pullarni politsiyaga topshirgan.