Jahongir Otajonov so‘nggi 12 oy ichida to‘rt marta, bahor faslida esa ikki marta konsert berdi. 24—25-may kunlari “Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tgan “Sinfdosh qiz” nomli konsert haqida jurnalist Feruz Muhammad o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdi.

Foto: “Daryo”

O‘rinsiz xavotir

“Turkiston”dagi konsertdan biroz avval Jahongir Otajonov Moskvadagi “Kosmos” mehmonxonasida va Sankt-Peterburgdagi “Kongress Holl” konsert zalida chiqish qilgan edi. Boz ustiga, konsertdan bir kun avval Buxoro viloyatiga safar qilib, to‘y xizmatini o‘tkazib qaytgan.

Xorijdagi ketma-ket konsertlar, tinimsiz parvozlar, olis hududdagi to‘y xizmati, yo‘l charchog‘i — bularning bari “Turkiston”da bo‘lajak dasturning kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin degan xavotirlarga sabab bo‘ldi. Biroq bu xavotirlar o‘rinsiz bo‘lib chiqdi — bundan avvalgi konsertlarda bo‘lgani kabi, “Sinfdosh qiz” dasturi ham yuqori, takrorlanmas bir muhitda o‘tdi.

Muxlislar bilan birgalikda, ular bilan selfi tushib, ularga tiz cho‘kib kuylagan xonandani muxlislar ham munosib qo‘llab-quvvatladi. Xonanda sahnada qanday harakat qilgan bo‘lsa, muxlislar zalda o‘sha harakatga munosib javob qaytarib, xolis hakam vazifasini bajardi.

Imidj

Bundan avvalgi konsert dasturida Jahongir Otajonov o‘zgacha ko‘rinishda — plashch, shlyapa va ko‘zoynakda sahnaga chiqqan edi, bu safar esa xonandaning imidjida jiddiy o‘zgarishlarni sezmadik. Shuningdek, xonandani quvib yetolmaydigan qo‘riqchilarni ham ko‘rmadik. To‘g‘ri-da, xonandani o‘z muxlisidan qo‘riqlaydigan “security” kimga ham kerak?!

Foto: “Daryo”

Konsertning birinchi kunida kuylangan taronalarning aksari ikkinchi kuni ijro etilmasligi, umuman rejada bo‘lmagan qo‘shiq kuylanishi, qo‘shiqni xohlagan joyida to‘xtatib, boshqa taronaga o‘tib ketish kabi holatlar Jahongir Otajonov konsertlari uchun odatiy hol.

Jahongir Otajonovning bundan avvalgi konsertdagi imidji.

Foto: Ilyosxo‘ja Sultonxo‘jayev / “Daryo”

Aksariyat boshqa xonandalarning konsertlarida dasturning kulminatsion qo‘shig‘i alohida ta’riflar bilan kuylanishi odat tusiga kirgan. Jahongir Otajonov esa hech bir taronaga ortiqcha ta’rif bermaydi — nari borsa o‘sha qo‘shiqning dastlabki to‘rt misrasini she’riy tarzda o‘qib berishi mumkin, xolos.

Yangi konsert joyi, konsertdagi yangiliklar

Jahongir Otajonovning so‘nggi ikki konserti “Turkiston” saroyida o‘tkazildi va, gap-so‘zlarga qaraganda, xonanda endi faqat shu saroyda konsert beradi. Nega? “Garchand bu yerda ‘Istiqlol’dagiga nisbatan kam pul topsak-da, zalning eng oxirida o‘tirgan muxlisimiz ham bizni eshitsin degan maqsad bilan ‘Turkiston’da konsert berishga qaror qildik. Bu san’at saroyini yaxshi ko‘rib qoldim”, — deydi Jahongir Otajonov bu savolga javoban.

Foto: “Daryo”

Otajonovning shu vaqtgacha bo‘lgan konsertlarida qo‘shimcha vositalar, qiziqchilar, raqqosalar guruhi bo‘lmasligi odatiy hol edi. Biroq bu safargi konsertda mahoratli raqqosa Parizoda va uning guruhi mehmon bo‘lib, sahnada chiqish qildi.

“Kimgadir fonogramma san’ati ustasi, kimgadir raqs san’ati ustaligi berilgan. Albatta, bu gapim hazil, ammo chin. Parizodaxonni qachon vaqtlari bo‘lsa, eshigimiz ular uchun doim ochiq”, — dedi xonanda konsert vaqtida. Raqqosaning o‘zi esa konsertni xavotir bilan o‘tkazganini tan oldi.

Jahongir Otajonovning konserti to‘liq improvizatsiyaga asoslangani uchun navbatimiz qachon kelar ekan, degan xavotirda dasturni boshidan eshikning oldida kuzatib turishga majbur bo‘ldim. Chunki bu xonanda xohlagan vaqtda qo‘shiqlar ketma-ketligini o‘zgartirib, birinchi bo‘lib kuylanadigan qo‘shiqni dasturning so‘nggi qo‘shig‘i qilib kuylashi yoki umuman teskarisini qilishi mumkin. Xonanda studiyada qo‘shiq yozmaganligi sabab men ham xuddi u kabi improvizatsiya qildim — oldindan tayyorgarlik ko‘rmay raqsga tushdim.

Parizoda, raqqosa

Raqqosaning qo‘shimcha qilishicha, “dasturda ko‘proq qo‘shiqqa raqs tashkillashtirish niyatimiz bor edi, ammo vaqt kam bo‘lganligi sabab ulgurmadik”. Ma’lumot uchun — raqqosalar konsert davomida faqat bitta qo‘shiqqa raqsga tushishdi.

Qo‘shiqlar

Foto: “Daryo”

Konsert “Men sizga mushtoqman” taronasi bilan boshlandi, “Istaysizmi yo‘qmi” nomli qo‘shig‘idan so‘ng muxlislar bilan salomlashdi. Navoiyning “Orazin yopqoch, ko‘zumdan sochilur har lahza yosh” so‘zlari bilan boshlanuvchi g‘azaliga ishlangan qo‘shiq konsert uchun tayyorlangan besh yangi qo‘shiqdan biri bo‘ldi — ilk bora kuylangan “Qaddim”, “Salomat”, “Durra-durra” va “Namasan?” taronalari ham muxlislar tomonidan davomli qarsaklar bilan kutib olindi.

Jahongir Otajonov har konsertida qo‘shiq kuylab, zal bo‘ylab sayohatga chiqadi. Bu safar “Oq bulutlar” qo‘shig‘i bilan “kichik sayr” qilgan xonanda ushbu kompozitsiyani muxlislar bilan birgalikda kuyladi. Qo‘shiq boshlanishi bilan muxlislar telefon chiroqlari yordamida zalda mitti yulduzchalarni hosil qildi.

“Gunohim”, “Lozaqizg‘aldoq”, “Ayol makri”, “Yolg‘onchi yor”, “Jinning ixtirosi”, “Sen meni o‘zingga o‘rgatib qo‘yma”, “Bevafo”, “Men seni hech kimdan so‘ramay sevdim” kabi qo‘shiqlarni ham muxlislar jo‘r bo‘lib kuyladi.

Foto: “Daryo”

“O‘zbekiston — sening o‘g‘lingman” deb nomlangan tarona xonanda Jahongir Otajonovning chiroyli o‘tgan dasturning so‘nggi qo‘shig‘i bo‘ldi. Qizig‘i, bu dasturda nomi konsertga qo‘yilgan “Sinfdosh qiz” qo‘shig‘i kuylanmadi.

“Omadini bersin!”

Jahongir Otajonov rosa berilib, butun borlig‘i bilan qo‘shiq kuylayotgan edi. Shu vaqt old qatorda o‘tirgan taniqli aktyor Muhammadiso Abdulxairov o‘rnidan turib, xonandagi dastro‘mol uzatdi. Qo‘shiq shu bilan tamom bo‘ldi, tomoshabinlar e’tibori ma’lum fursat aktyorga qaratildi. Jahongir Otajonov savol berdi: “O‘zingiz xohlab keldingizmi?”.

“Ha, o‘zim, chin ko‘ngildan xohlab keldim konsertga. Garchi, Jahongir meni taklif qilmagan bo‘lsa ham”, — deb, aktyor yig‘ilganlarni kuldirdi. So‘ng, xonandaga bir ishi uchun tashakkur bildirdi: “Hamma san’atkorlar konsert vaqtida ‘balkon!’ deb baqiradi, siz shunday baqirmaganingiz uchun alohida rahmat!”.

San’atiga haqiqatan ham besh ketamiz. Boshqa san’atkorlardan uzr so‘rayman, bunday yo‘nalishda — Jahongir Otajonovning yo‘nalishida kuylaydigan xonandalar sanoqli. Omadini bersin, yuzi yorug‘ bo‘lsin! Nafaqat O‘zbekistonda, butun dunyoda albomlari sotilib, muxlislari bundan-da ko‘paysin. O‘zi hozir ham butun dunyoda muxlislari bor, faqat ular o‘zbek — Jahongirning nafaqat o‘zbeklar, balki afrikaliklar, xitoyliklar, ispanlar, yaponlar, meksikaliklar ham unga muxlislik qilishini tilab qolaman.

Muhammadiso Abdulxairov, aktyor

Foto: “Daryo”