Ayrim qushlar sigareta qoldiqlaridan parazitlarni cho‘chitish uchun foydalanmoqda. Meksikalik tadqiqotchilar tomonidan Journal of Avian Biology jurnalida chop etilgan maqolada shu haqda so‘z boradi, deya ma’lum qildi “RIA Novosti”.

Foto: “RIA Novosti”

Meksika milliy avtonom universiteti olimlari Konstantino Garsiya va Monserrat Suarez-Rodrigez bundan 5 yil avval qushlar, xususan, qizilbosh chumchuqlar ko‘pincha sigareta qoldiqlarini terib, uyasiga tashishiga e’tibor qaratdi.

Tadqiqotchilar nikotin kana va boshqa qon so‘ruvchi hasharotlarni cho‘chitgani uchun sigareta qoldiqlari qushlarni o‘ziga jalb etishi haqidagi xulosaga keldi.

Biz ular kana va boshqa parazitlar paydo bo‘lganida inlarini sigareta qoldiqlari bilan bezashga moyil ekanligini aniqladik. Agar kanalar uyalarida o‘lik emas, tirik bo‘lsa, qoldiqlarni ko‘proq topish va olib kelishga uringanini kuzatish mumkin. Bu misollar ular sigaretalardan kanalarni yo‘qotishda foydalanishidan dalolat bermoqda.

Konstantino Garsiya, Meksika milliy avtonom universiteti olimi