O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Alisher Sa’dullayev hamda Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori o‘rinbosari Olimjon To‘ychiyev yangi lavozimdagi ilk 100 kunlik faoliyatlari uchun o‘z oldilariga qo‘yilgan vazifa va maqsadlar haqida jurnalistlarga ma’lum qildi. Ular bilan uchrashuv Xalqaro press-klubning 3-iyul kuni bo‘lib o‘tgan anjumani doirasida bo‘lib o‘tdi.

Olimjon To‘ychiyev (chapda) va Alisher Sa’dullayev.

Foto: “Gazeta.uz”

22 yoshli Alisher Sa’dullayevning qayd etishicha, (O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi sifatida qayta tashkil etilgan) “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakatining 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan qurultoyi yoshlar uchun tom ma’noda muhim voqea bo‘ldi. “Bundan keyin Prezident bilan ochiq gaplasha olamiz, muammolarimizni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayta olamiz, ular bizning ishongan odamimiz bo‘ldilar”, — dedi u.

Alisher Sa’dullayev.

Foto: Xalqaro press-klub

Ikki yosh yigitning boshqaruv lavozimlariga tayinlanishi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. “Gazeta.uz”ning yozishicha, foydalanuvchilarning bir qismi bu yigitlar vakolatli lavozimlar uchun hali yoshlik qilmasmikin, deb savol qo‘yayotgan bo‘lsa, boshqalar yoshlarga yo‘l berish vaqti kelganini ta’kidlamoqda. Alisher Sa’dullayevning o‘zi esa “ko‘plab xabar va savollar kela boshlagani sabab, Facebook’dagi akkauntini o‘chirib tashlashga majbur bo‘lgani”ni tan oldi.

Alisherning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z oldiga maqsadlar qo‘ygan, loyihalar va ularni amalga oshirish uchun zarur kunlar soni bo‘yicha bir to‘xtamga kelgan. “Yoshlar jamiyat hayotida faol bo‘lishi uchun qo‘limdan kelganicha hissamni qo‘shishga harakat qilaman”, — deya ta’kidladi u.

Vazir o‘rinbosari yoshlar bir yetakchini ajratib olib, unga ergashishi emas, balki birlashishi kerak, deb hisoblaydi. “Bizda energiya va entuziazm bor, kurashamiz. 24 soat ishlash kerak bo‘lsa, 25 soat ishlaymiz. Lekin bizga tajriba kerak. Tajribani oqlash uchun ham o‘rganamiz, har kuni tadqiqot qilamiz, rivojlangan davlatlardan namuna olamiz”, — dedi u.

Sa’dullayevga ko‘ra, xalq ta’limi tizimi 5 million bolani qamrab olgan bo‘lib, ulardan 4 millioni maktabgacha ta’lim muassasalariga qatnaydi. “Biz bog‘cha bolalariga ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak. Ular besh kriteriya, xususan, intellekt koeffitsiyenti va emotsional intellekt bo‘yicha maktabga tayyor bo‘lishi kerak. Bilsam, bizda bularning bari bor ekan, biroq ularni amaliyotga qo‘llashimiz kerak. Eng muhimi — ota-onalar va bog‘cha mudiralari, maktab o‘qituvchilari o‘rtasida bog‘liqlik yaratishdir”, — deya qayd etdi vazir o‘rinbosari.

Alisher Sa’dullayevning fikricha, Prezident yoshlar vakilini bekordan-bekorga bu lavozimga tayinlamagan — davlat rahbari bu bilan yoshlar qo‘rqmasligi va o‘z g‘oyalarini baralla aytishi kerakliginini bildirmoqchi bo‘lgan. “Men oldimga qo‘yilgan vazifani oqlayman. Kelasi yil, balki, yana o‘nta shunday yigit chiqar. O‘sha kuni ular Prezident oldida chiqish qilishdan qo‘rqdi. Ularning soni bundan-da ko‘p bo‘lishi kerak. Men buni isbotlashga harakat qilaman”, — dedi u.

Dastlabki 100 kunlik faoliyati bilan bog‘liq rejalari bilan o‘rtoqlasharkan, Alisher Sa’dullayev birinchi galda bolalar bog‘chalaridagi ahvolni o‘rganish, yangi tizimlarni tatbiq etish, sharoitlar bilan bevosita tanishish maqsadida viloyatlarga safar qilishini ma’lum qildi. Dam olish kunlari u Toshkentdagi birining ko‘rsatkichlari yuqori, ikkinchisiniki esa past bo‘lgan ikki maktabda bo‘lishga ulgurgan. “Muammolarni o‘rganish, qanday yo‘lni bosib o‘tish kerakligini tushunib olish uchun ular orasidagi farqni ko‘rish kerak”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Oliy ta’lim muassasalari talabalari haqida gapirarkan, Alisher Sa’dullayev ta’lim uchun sarflangan pullarni qanday qilib qoplab berishi haqidagi savollar bilan bosim o‘tkazmay, ularni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi. “Bu savolni berish noto‘g‘ri, biz bosim o‘tkazishimiz kerak emas. O‘z navbatida, shunday savollar berilgan vaqtda biz ham ikkilanmasligimiz kerak. ‘Kimni qo‘lida ishlar ekanman, nima ish qilsam ekan?’, deb emas, ‘Qancha ish o‘rni yarata olaman?’, deb yashashimiz kerak”, — deb hisoblaydi vazir o‘rinbosari.

Olimjon To‘ychiyev.

Foto: Xalqaro press-klub

25 yoshli Olimjon To‘ychiyev fan va texnologiyalar rivojining mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga ijobiy ta’siri borasida misol keltirdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishlar rivoji uchun barcha imkoniyatlar, xususan, yoshlarning salohiyati, ko‘nikmalari va intilishlari bor.

Fan va texnologiyalar agentligi bosh direktori o‘rinbosarining ishonchi komil — fan va texnologiyalarni butun respublika bo‘ylab ommalashtirmoq kerak. Bunga bir misol — har yili an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan “Yosh robototexniklar” tanlovidir.

“Ko‘pchilik robototexnika juda ham qiyin soha, unga juda ham ko‘p mablag‘ kerak, uni o‘rganish juda ham qiyin, deb hisoblaydi. Bu fikrga qo‘shilmagan bo‘lardim. O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, Bekobod shahridagi maktabni tamomlab, kollejni bitirib, Turin politexnika universitetiga kirganimdan keyin robotexnika bilan shug‘ullana boshlaganman”, — dedi u.

Yangi lavozimdagi ishining birinchi 100 kunida Olimjon To‘ychiyev doktoranturadagi kvotalar taqsimotini qayta ko‘rib chiqish, yosh olimlar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bo‘lim tashkil etish, mini-texnoparklar ochish bilan shug‘ullanish hamda doktorantlarni mahsulot ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning muammolarini o‘rganishga jalb qilishni maqsad qilgan.