“Moslenta” Moskvada yashovchi turli millat vakillaridan ularning oshpazlik an’analari va poytaxtda qaysi taomlardan tatib ko‘rishni tavsiya qilishini o‘rganishda davom etadi. Nashrning galdagi suhbatdoshi restorator, bloger va oshpazlikka oid kitoblar muallifi Hakim G‘aniyevdir.

Foto: “KNews”

Oshxona haqida

Bir paytlar Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bitta davlat bo‘lganini tarix kitoblaridan bilib olish qiyin emas. Biroq umumiy “O‘rta Osiyo oshxonasi” mavjud ekanligi uydirma.

Aslida esa u yerlarda o‘zbeklar yoki bizga etnik jihatdan juda yaqin uyg‘urlar yashashi uchun qulay joylar bo‘lganligi uchun bu hududlarning bir qismiga o‘zbek oshxonasi taomlari tarqalgan. Aytish mumkinki, qirg‘iz taomlari butunlay o‘zgacha, ular ko‘proq Xitoy yoki Buryatiya taomlariga yaqin, qozoq oshxonasi esa Rossiya—Sibir taomlariga yaqin.

O‘zbek oshxonasining o‘ziga xos jihati nimada? Bu savolga javob qaytarish oson emas. Tushuntirib berishga harakat qilaman: O‘zbekiston orqali doim ko‘plab savdo yo‘llari o‘tgan, shuning uchun bu yerda ko‘p sonli karvon-saroylar, mehmonxonalar, omborxonalar bo‘lgan. Bu yerga ko‘plab hunarmandlar kelgan. Ular orasida Yevropa, Xitoy va hindistonlik oshpazlar ham bo‘lgan. Ular tufayli bizda juda turli-tuman oshxona shakllangan.

Foto: “Moslenta”

Moskvada tatib ko‘rish mumkin bo‘lgan o‘zbek taomlari bu O‘zbekistondagi taomlarning juda kichik qismi, 20 foizga yaqinidir.

Bizda esa har bir viloyat o‘zining oshpazlik an’analariga ega: Andijon, Farg‘ona, Qo‘qon, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm va boshqa viloyatlarga xos oshxonalar mavjud.

Misol uchun, men Farg‘ona vodiysi markazidagi Marg‘ilon shahrida yashayman. Agar men va do‘stlarim xamiri ko‘p taomlar tanovul qilmoqchi bo‘lsak, Xitoy bilan chegaraga yaqin O‘shga yo‘l olamiz. Agar go‘sht yeyishni istasak, chorvadorlar yashovchi dovon tomonga, osh yegimiz kelsa chungara navli guruch yetishtiriluvchi Qirg‘iziston tomonga yo‘nalamiz.

Foto: “Moslenta”

Bolalik

Oilamizda shaharda yashovchi onam ham, qishloqdan juda kam chiqadigan buvim ham juda ajoyib taom tayyorlashardi. Uch yoshda bog‘chaga bormay qo‘yganimdan so‘ng men bilan asosan qrim tatar qo‘shnimiz o‘tirardi. U ajoyib oshpaz bo‘lib, ko‘p sonli to‘ylarga xizmat ko‘rsatardi. Men esa doim uning ishlarini kuzatib, ularni uyda takrorlashga urinar edim.

Tayyorlashni o‘rgangan birinchi taomim tuxum qovurish edi. Dastlab u doim yopishib qolar, keyinroq tovaga yog‘ solish kerakligini o‘rganganimdan so‘ng qo‘shni bolalarning barchasini majburlab tuxum bilan mehmon qilar edim.

Foto: “Moslenta”

Shundan keyin turli sho‘rvalar, shuningdek, moshkichiri, kulchalar, cheburek tayyorlashni o‘rgandim. Keyin esa, va nihoyat, palov tayyorlashni o‘rgandim. Birinchi oshimni qozonga suv solishni unutib, buzib qo‘yganman va choyxonadan bir nechta dars olishga qaror qilganman. Bunga yarim asr bo‘ldi. O‘shanda bor-yo‘g‘i yetti yoshda edim.

Urf-odatlar

Bizda dasturxonga bir paytning o‘zida barcha taomlar kamdan-kam, banket, Ro‘zadagi iftorda qo‘yilishi mumkin. Agar men sizni mehmonga taklif qilsam, bu odatda quyidagicha kechadi. Mana dasturxon yozilgan stol. Siz unga o‘tirishingiz bilan qahva yoki choy tortiladi. O‘g‘lim yoki qizim unga qo‘shib ichish uchun quruq meva yoki yong‘oqlar keltiradi. Undan so‘ng shirinliklar, har xil pishiriqlar. Bularning barchasi oshqozon ishga tushib olishi uchun!

Rossiyada negadir shirinlik ishtahani bug‘adi deb hisoblashadi, ular esa aksincha ishtaha, yana barcha ta’m bilish retseptorlarini ochadi.

Siz shirinlik bilan choy ichayotgan 20—25 daqiqa davomida somsa tayyorlanadi. Somsa yeb bo‘lguningizga qadar esa stolga sho‘rva, shashlik va boshqa taomlar “yetib keladi”. Kutilgan mehmon bo‘lsangiz siz uchun oshdan tashqari barcha taomlar tayyorlanadi.

Nega osh emas? Chunki osh xayrlashuvni anglatadi. Oshni yeb bo‘ldingmi? Ketaverishing mumkin. Kutilgan mehmon uchun osh uch kundan so‘ng tayyorlanadi.

Foto: “Moslenta”

Dasturxon atrofida o‘zini tutish qoidalari bormi? Albatta! Suvni birinchi kichkinalar ichadi, oshni esa kattalar boshlab beradi. Eng katta yoshli odam taomga qo‘l cho‘zmaguncha qolganlar kutib turadi.

Ayollar va erkaklarga kelsak, agar qarindoshlar mehmon bo‘lib kelsa, hamma birga o‘tiradi. Uyga oilam tanimaydigan biror tanishim kelsa, biz alohida o‘tiramiz. Agar sizga o‘xshagan tanishim turmush o‘rtog‘i bilan kelsa, men ham o‘zimnikini chaqiraman.

Odatiy kun

Odatda ishdan so‘ng uyga qaytib, hammasi joyida ekanligiga ishonch hosil qilganimdan so‘ng, choyxonaga yo‘l olaman. Choyxona har bir mahallada bor. Ularda erkaklar o‘zaro suhbatlashib, narda o‘ynab, muhim masalalarni hal qiladi. Kechki to‘qqizga yaqin nima taom tayyorlash masalasi muhokama qilinadi. Taomni o‘zimiz yoki choyxonachi tayyorlaydi.

Foto: “Moslenta”

Taomlar mazmuni

Odatiy kunlarda palov O‘zbekistonda payshanba kunlari tayyorlanadi. Ko‘plab taomlar haftaning ma’lum bir kunlarida tayyorlanadi. Dushanba kuni, masalan, yengil taom — sho‘rva. U shovla, moshkichiri yoki manti tayyorlangan yakshanbadan so‘ng oshqozonga dam beradi.

Taomlar har kunlik va bayram taomlariga ajratilmaydi. Eng kichik to‘yda kamida 100 kilogramm guruchdan osh tayyorlanadi (buning uchun 200 kilogramm sabzi tozalash kerak bo‘ladi!). Biroq gap miqdorda emas, taomni dasturxonga tortishda.

Masalan, to‘y oshiga qazi, bedana tuxum qo‘shish, anor donalari bilan bezatish mumkin. Undagi har bir masalliq o‘z ma’nosiga ega.

Misol uchun, to‘y oshiga zirk qo‘shish mumkin emas, u nordon bo‘lganligi uchun uni yeya turib, yuzingizni burishtirishingiz mumkin. To‘y oshiga farovonlik ramzi — no‘xat, shirin hayot ramzi — mayiz qo‘shish mumkin. Bunday an’ana faqat o‘zbeklarda bor. Palovni turkmanlar ham, qozoqlar ham, qirg‘iz va tojiklar ham tayyorlashadi. Biroq ular uchun osh — shunchaki taom. Biz uchun esa ma’no va mazmunga yo‘g‘rilgan taomdir.

Vaqt haqida

Bizda tez tayyor bo‘ladigan taomlar yo‘q. Lekin mehmonga kelsangiz yarim soatdan so‘ng issiq taom tortiladi. Qanday qilib deysizmi? Juda oson: har bir beka sovutkichda yarim tayyor zirvak — palovning qovurilgan qismini saqlaydi.

Ba’zilar uni bankalarga ham bekitib qo‘yadi. Qovurdoqlarni ham bankaga bekitib qo‘yishadi.

Mahsulotlar 

O‘n yilcha avval Moskvada yaxshi guruchni faqat Danilovskiy bozoridan yoki “Aeroport” metrosi hududidan xarid qilish mumkin edi. U yerdagi savdogarlarda ko‘pi bilan besh kilo guruch bo‘lardi. Hozir esa bozorlardan ham, supermarketlardan ham tonnalab guruch xarid qilish mumkin. Yaqin vaqtgacha O‘zbekistonda tayyorlangan qazi og‘riqli nuqta edi. Endi esa u to‘g‘ri Toshkentdan keltirilmoqda.

O‘zim mahsulotlarni Dorogomilovskiy bozoridan xarid qilaman, chunki Danilovskiyda mahsulotlar uchun yaxshi tanlov bo‘lsa-da, narxlar juda yuqori. Aytaylik, Dorogomilovskiyda qo‘yning orqa qismi kilosi 350—360 rublga yaqin tursa, Danilovskiyda u uchun 750—800 rubl so‘rashadi!

Foto: “Moslenta”

Dorogomilovskiy bozorida joyini bilish ham muhim. Bir sirni ochaman: kirish joyi ko‘chadan bo‘lgan yerto‘laga (podval) tushing va u yerdan guruch, no‘xat, mosh yoki yaxshi zirani ulgurji narxda xarid qiling. Bunda mahsulotlar yuqoridagiga qaraganda 50 foizga arzonroq tushadi.

Ovqatlanadigan joylar

Bugun, Moskvadagi o‘zbek restoranlarida taomlarimizning ko‘plab turlarini buyurtma qilish mumkin. Ularning barchasi mazali. Nega? Chunki raqobat katta!

Barcha restoranlar mijozlar uchun bir-biri bilan raqobatlashishga, demakki yaxshi tayyorlash va sarhil mahsulotlardan foydalanishga majbur ekanligini anglatadi.

Men esa barcha moskvaliklarni bizning Plov time kafelar tarmog‘iga taklif qilaman. Bizda narxlar o‘rtacha: masalan, osh 300 rubl, somsa esa 99 rubl.

O‘zbekona muhitda o‘tirib, qimmatroq ovqatlanmoqchi bo‘lsangiz, “Choyxona №1” yoki “Uryuk”ka borishingiz mumkin.

Foto: “Moslenta”

O‘zbeklarning o‘zlari ovqatlanadigan, arzon va mazali taomlar tayyorlanadigan boshqa joylar ham bor. Bunday joylar Dobrininskiy maydonida bor. Paveletskiy vokzalida esa “Ayva” restorani joylashgan.

Faqat bitta muammo mavjud: moskvaliklarning aksariyati juda kam taomlarimiz: osh, lag‘mon, manti va somsa haqida bilishadi. Faqat ularni buyurtma qilishadi. Biroq faqat arzon o‘zbek kafelarida tayyorlanadigan juda mazali va to‘yimli moshkichiri ham bor. Bu taom har doim yangiligida tortiladi, chunki ikki soatdan so‘ng u mahsulot ko‘rinishini to‘liq yo‘qotadi. Boshqa turli-tuman taomlar ham bor.

Sho‘rva

Foto: “Moslenta”

Bu taom O‘zbekistonda juda mashhur, ba’zi hududlardagi to‘ylar aynan undan boshlanadi. Sho‘rvaning o‘ziga xos jihati: uning to‘yimli va juda foydali bulyonidir. Odatda go‘sht va kartoshka sho‘rvadan chiqarilib, alohida tortiladi. Qolgan sabvazotlar va bulyon chuqur idishda ko‘katlar bilan tortiladi.