Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati 25-avgust kuni shaharda keksa kishilarga nisbatan jinoyatlar ko‘paygani munosabati bilan qidiruvga berilgan qator shaxslarning alohida belgilari haqida axborot e’lon qildi.

Qidiruvga berilgan shaxslardan biri haqidagi ma’lumotlar ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining keskin e’tirozlariga sabab bo‘ldi. “Yoshi 35—40 larda, bo‘yi 170—175 santimetr bo‘lgan, sochlari qora, siyrak, old taraf sochi to‘kilgan, o‘rta gavdali, o‘zbek va rus tillarida yaxshi so‘zlasha oladi”gan shaxsning yana bir alohida belgisi sifatida “kiyinishidan viloyatlik shaxslarga o‘xshashi” qayd etilgan edi.

IIBB xabarining birinchi tahriridagi fotomaterial.
Foto: “GUVD.uz”

Aynan “kiyinishidan viloyatlik shaxslarga o‘xshash” jumlasi ijtimoiy tarmoqlarda keskin noroziliklarga sabab bo‘ldi, tarmoq foydalanuvchilari IIBBning bunday axborotiga qat’iy norozilik bildirdi.

Ayni vaqtda, IIBning mazkur axborotini kinoya bilan qabul qilgan, unga hazil-mutoyiba orqali munosabat bildirganlar ham talaygina.

Jamoatchilikning keskin munosabati, bu haqda internet-nashrlarda berilgan xabarlardan so‘ng, IIBB gumonlanuvchi haqidagi fotomaterialdan “kiyinishidan viloyatlik shaxslarga o‘xshash” yozuvini olib tashladi. Xuddi shu fotomaterialning ruschasida gumonlanuvchi “yaxshi kiyingani” qayd etilgan.

IIBBdagi bahsli xabarning ruscha talqini.
Foto: “GUVD.uz”

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu holatni-da e’tiborsiz qoldira olmagan. “Yaxshi kiyingan viloyatlik — militsionerlardan bir ‘kompliment’”, — deb yozgan Twitter foydalanuvchilaridan biri.