Toshkent shahrida yo‘lkira to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushirilish arafasida, deb yozadi “Terabayt.uz”. Bu – jamoat transportlarida yo‘l haqini naqdsiz shaklda to‘lash usuli bo‘lib, yo‘lovchi tashish transporti taraqqiyotidagi navbatdagi bosqichdir.

Foto: “Terabayt.uz”

Yo‘lkirani naqdsiz shaklda to‘lash iste’molchilar uchun qulaylik tug‘diradi, yo‘lovchilar harakatlanishining vaqtlari va yo‘nalishlari haqidagi avtomatik  tarzda to‘planuvchi ma’lumotlar esa transport ishini tahlil etish va optimallashtirish imkonini beradi.

Ushbu tizim Singapurning Technobiz Transpay kompaniyasiga tegishli bo‘lgan, ishlab chiqilishida o‘zbekistonlik mutaxassislar ham ishtirok etgan platforma asosida joriy etiladi. Mazkur loyihaga ANOR nomi berilgan bo‘lib, u bir qator afzalliklarga ega. Mazkur tizim joriy etilgach, nafaqat shahar ma’muriyati va transport kompaniyalariga, balki bevosita yo‘lovchilarning o‘zlariga ham buning foydasi katta bo‘ladi. Jumladan, davlat budjetiga moliyaviy yuk tushishi kamayadi, videokuzatuv hamda GPS-monitoring tufayli jamoat transportida xavfsizlik darajasi oshadi.

Yo‘lovchilar esa yo‘lkira to‘lash uchun pul sanab yo qaytimini kutib vaqt yo‘qotishmaydi, transportga chiqish-tushish vaqti tejaladi va umuman, transport xizmatlarining sifati oshadi.

“ANOR to‘lov tizimining joriy etilishi jamoat transporti xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun yiliga kamida 35-40 milliard so‘mni tejab qolish imkonini taqdim etadi, – deydi platformani ishlab chiquvchi kompaniya asoschisi Botir Orifjonov. – Joriy etiladigan videotahlil tizimi nafaqat jamoat transportining xavfsizligi darajasini oshirishga, balki yo‘lovchilar harakatini tanish tizimi tufayli transport vositasiga chiqayotgan/tushayotganlarni avtomatik tarzda hisobga olishga ham imkon beradi. Shuningdek, haydovchilarga kunlik reja qo‘yishdek kam samarali mexanizmlardan ham voz kechiladi. Barcha turdagi jamoat transportlarida validatorlar mavjudligi, shuningdek, barchaga tushunarli va sodda bo‘lgan to‘lov tizimi fuqarolarimiz uchun ham, xorijlik mehmonlar uchun ham juda qulay shart-sharoitlar tug‘diradi. O‘zbekiston sayyohlarni jalb etishga jiddiy e’tibor qaratayotgan bugungi kunda bu juda ham muhim”.

Bulardan tashqari, ANOR to‘lov tizimi oylik yo‘l chiptalarini qalbakilashtirishga chek qo‘yadi. Shuningdek, u yo‘lovchilarni toifasiga, harakat yo‘nalishiga, sutkaning vaqtiga ko‘ra yanada aniq tarzda hisobga olishni ta’minlaydi.

Xabarda aytilishicha, yo‘lovchilarga transport kartalarining ikki xil ko‘rinishi taqdim etiladi: bir marta kodlashtiriluvchi qog‘oz kartalar (bir martalik chiptalar) hamda ko‘p marta to‘ldiriluvchi, plastik karta ko‘rinishidagi ko‘p martalik chiptalar. Talabalar, o‘quvchilar, pensionerlar va harbiylar uchun imtiyozli ko‘p martalik kartalar tegishli o‘qish, yashash va xizmat joylarida taklif etiladi.

Transport kartalarini Toshkent shahri bo‘ylab jami ikki mingdan ortiq nuqtalarda savdoga chiqarish rejalashtirilgan. Ular orasida metropoliten kassalari, “Toshshaharyo‘lovchitrans” AJ chiptalar sotish nuqtalari, pochta bo‘linmalari, matbuot do‘konchalari hamda ANOR’ning o‘z savdo nuqtalari tarmog‘i mavjud.

ANOR loyihasining alohida bir bo‘limini mobil NFC chiptani ishlab chiqish tashkil etadi, bu – yo‘lovchining o‘z uyali telefonidagi transport kartasi, demakdir. Maxsus mobil ilova yordamida transport kartasining hisobini masofadan turib to‘ldirish, tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish, shaxsiy kabinetdan foydalanish imkonini beradi hamda kartaning xavfsiz saqlanishini kafolatlaydi.

Ayni damda ANOR loyihasi tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etilgan, loyihaning amalga joriy etilishi vaqti bo‘yicha qarorlar qabul qilish esa ularga bog‘liq.