My Day nashrining Facebook sahifasiga joylangan, o‘zbekistonlik Sabina Mustayeva Polshada “Golos” teleloyihasi ishtirokchisiga aylanganligi haqidagi postga turli fikrlar bildirildi, deb yozadi nashr.

Foto: My Day

Ko‘pchilik Sabinaning ijro mahoratiga qoyil qolib, kelgusida unga yutuqlar tilab qolgan bo‘lsa, qarama-qarshi fikr bildirganlar ham bo‘ldi. Chunonchi, foydalanuvchilardan biri loyihalar va tanlovlarda birovlarning qo‘shiqlarini kuylash o‘rniga, o‘z repertuarini yaratib, haqiqiy qo‘shiqchi bo‘lish vaqti kelganini ta’kidladi. “Loyihalarda qatnashib, pul ishlab topish ham yomon emas, ammo musiqiy ta’limga e’tibor qaratsa, yaxshiroq bo‘lardi”, — deb yozdi u.

Shu paytda suhbatga Sabina Mustayevaning onasi qo‘shilib, avvalo, loyihalarda pul ishlab topilmasligini, bundan tashqari, sifatli material yaratadigan mualliflarni topish juda qiyinligini qayd etdi. “Ayni paytda biz Varshavada yashayapmiz, shu tufayli Sabinani Yevropada ham tanishlari uchun qatnashishga qaror qildik. Bunday loyihalardan artist oladigan tajriba juda katta”, — deb yozdi u.