Oktabr boshida shved arxeologlari vikinglarning X asrga oid dafn liboslarida “Alloh” va “Ali” so‘zlari topilganini ma’lum e’lon edi. Kiyimlarni ko‘rgazmaga tayyorlash vaqtida Uppsala universiteti xodimasi Annika Larsson naqshlar kufiy xatini yodga solishiga, faqat teskari ko‘rinishda tushirilganiga e’tibor qaratgan, deb yozadi Meduza.

Musulmonlar va islomga oid turli buyumlar vikinglar yerlaridan topilgani avval ham ma’lum edi — qadimgi skandinavlar safarlardan sharqona matolarni olib qaytgan. Sensatsiyaga sabab bo‘lgan jihat — bu yozuvlar vikinglarning an’anaviy liboslariga tushirilganidir.

Foto: Meduza

Shved olimlarinig taxminicha, “Ali” — Muhammad payg‘ambar (s.a.v.)ning sahobalaridan biri. Arxeologlarning fikricha, teskari yozuvlar o‘ngdan chapga qarab yoziladigan arab imlosiga taqlidan ishlangan bo‘lishi mumkin.

Shvetsiyalik qadimshunoslarning kashfiyoti haqida nufuzli nashrlar, xususan, The New York Times, The Guardian va BBC News ham yozdi. Shved arxeologlarining bu taxminlari katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgach, boshqa olimlar ularni keskin tanqid qilib chiqdi.

Ostin universiteti professori Stefani Malder bu masala xususida 60 ta tvit yozdi. Uning shvetsiyalik olimlar tadqiqotiga nisbatan asosiy e’tirozlari quyidagicha:

  • Kufiy xati VIII asrda o‘ylab topilgani bilan, taxminan XV asrga qadar keng qo‘llanilmagan, shu sababli ham bu xat namunasi vikinglarning X asrga oid liboslarida paydo bo‘lishi ehtimoli kam.
  • Hatto bu naqshlarni arabchasiga o‘qishga urinib ko‘rgan taqdirda ham, u yerda “Alloh” so‘zi yo‘q. U yerda, ko‘pi bilan, faqat “lloh” so‘zini ajratib olish mumkin, xolos.
  • So‘zning boshqa qismi libosning saqlab qolinmagan parchasida bo‘lgan, degan gaplar — shved olimlarining xayolidan o‘zga narsa emas.

Pensilvaniya universitetining islom tarixi bo‘yicha professori Pol Kobb ham Stefani Malderning fikrlarini qo‘llab-quvvatladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, taqdim etilgan mato parchasida to‘liq “Alloh” so‘zi yo‘q, shved olimlari esa haqiqatda bo‘lishini o‘zlari xohlagan narsani aslida ham bor deb ko‘rsatgan: “Odamlar bu yerda arabcha yozuvni ko‘rishni istaydi, chunki bu hozirgi kundagi ko‘p millatli va ko‘p madaniyatli Yevropa orzusiga muvofiq keladi”.