Atrof-muhit ifloslanishi odamlarni urushlarga qaraganda 15 marotaba ko‘p o‘ldirmoqda. Lancet ilmiy jurnali komissiyasi olimlari shunday xulosaga keldi, deya xabar beradi “RIA Novosti”.

Foto: Fotolia

Ma’lum bo‘lishicha, 2015-yilda butun dunyoda atrof-muhit ifloslanishi keltirib chiqargan kasalliklar 9 million kishining umriga zomin bo‘ldi, bu esa barcha o‘limlarning 16 foiziga to‘g‘ri keladi. Olimlarga ko‘ra, mazkur raqam OITS, sil va bezgak kasalliklaridan o‘limdan birga jamlaganda ham 3 barobar, urushlar va zo‘ravonlikning boshqa shakllaridan 15 marotaba ko‘p.

Shuningdek, yomon ekologiya chekish, ochlik va tabiiy ofatlarga qaraganda ko‘proq odamlarni o‘ldiradi. Ayrim davlatlarda esa atrof-muhit iflosligi o‘limlarning chorak qismiga sabab bo‘lmoqda.

Tadqiqotchilar ekologiya holati bilan bog‘liq o‘limlarning, taxminan, 92 foizi daromadning past va o‘rta darajasiga ega mamlakatlarga to‘g‘ri kelishini aniqladi.