Kembrij universiteti sayti Stiven Xoking dissertatsiyasini o‘qishni istaganlar soni ko‘pligi sababli ishdan chiqdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: AFP

Mashhur fizik olimning 24 yoshida yozgan “Kengayuvchi koinotlar xususiyatlari” nomli dissertatsiyasi 23-oktabr, dushanba kuni ilk bor Kembrij universiteti saytida joylashtirildi.

Bir sutkadan kamroq vaqt mobaynida Xokingning ishi bilan tanishish yoki ko‘chirib olish uchun 60 mingdan ortiq kishi saytga kirdi. Oldinlari dissertatsiyani faqat universitet kutubxonasida o‘qish yoki 86 dollar evaziga raqamli nusxasini olish mumkin edi.

“Shunchalik ko‘p odam dissertatsiyam bilan tanishish istagini bildirgani ajoyib. Ularning bundan hafsalasi pir bo‘lmaydi, deb o‘ylayman”, — dedi Xoking va boshqa olimlarni ham ilmiy ishlarini ommaga taqdim etishga chaqirdi.