Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida nima uchun Rossiyaga qarshi axborot urushi olib borilayotganini tushuntirdi.

Foto: “RIA Novosti”

“Biz hozir kuzatayotgan holat Rossiyaning suverenligini, uning suveren ovozini bo‘g‘ishga qaratilgan hujumdir. Ular Rossiyaning o‘z ovozini jahon hamjamiyatiga yetkazish yo‘lidagi o‘sib borayotgan imkoniyat va qobiliyatlarini, Rossiyaga qarshi qo‘llanilayotgan yolg‘on xabarlarni rad etishga qaratilgan salohiyatini bo‘g‘ishga urinmoqda”, — dedi Peskov.

“Ular norozi, shu sababli ham bizni bo‘g‘ishga urinmoqda. Biz esa bunga javob beryapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi Putinning matbuot kotibi.

Peskovning qayd etishicha, ayni vaqtda Rossiyada faoliyat olib borayotgan bir qator xorijiy OAVlar ko‘p ham xolis emas, biroq ular hech bir tomondan hech qanday to‘sqinlikka uchramay, mamlakatda faoliyatini davom ettirmoqda.

“Bu OAVlar Rossiyada erkin ishlash imkoniyatiga ega. Va biz bundan faxrlanamiz. Hamkorlarimizni ham bu yerda chet el OAVlari faoliyati uchun qanday sharoitlar yaratilayotganiga e’tibor qaratishga chaqirib qolamiz”, — dedi Peskov.

Rossiya prezidenti matbuot kotibining qayd etishicha, mamlakatdagi xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun chet ellik jurnalistlar faoliyatiga xalal bermaydi. “Bu ularning faoliyatini shunchaki tartibga soladi va bu OAVlar bajarishi shart bo‘lgan majburiyatlarga qo‘shimcha kiritadi, xolos”, — dedi Peskov.

5-dekabr kuni Rossiya Adliya vazirligi to‘qqiz OAVni, xususan, “Ozodlik radiosi” va “Amerika ovozi”ni mamlakatdagi xorijiy agentlar ro‘yxatiga kiritgan edi. Shuningdek, xorijiy agent sifatida tan olingan barcha OAVlarning Rossiya parlamentiga kirishi taqiqlangani ma’lum qilingan edi.