Andijon shahar Bo‘ston dahasi M.Ashrafiy ko‘chasidagi 48 xonadondan iborat ko‘p qavatli “Yoshlar uyi” 2016-yil qurilib, foydalanishga topshirilgan. Qurilish ishlarini Andijon shahridagi “Aziya start premium” mas’uliyati cheklangan jamiyati amalga oshirgan. O‘zA ushbu uydagi sifatsiz yashash sharoitlarini fosh qildi.

Foto: O‘zA

Davlat tomonidan iste’dodli, faol, tashabbuskor yoshlar va ularning oilalariga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor namunasi sifatida “Ipotekabank” viloyat filialining imtiyozli krediti asosida berilgan ushbu uy sohiblarining quvonchiga barcha sherik bo‘ldi, deyiladi xabarda. Biroq... Hammasi uyga ko‘chib kirilgandan so‘ng boshlandi.

– Aksariyat xonadonlarga yaxshi ishlamaydigan, sifatsiz gaz plitasi hamda yuvinish jihozlari o‘rnatilgan, – deydi ushbu uyning 36-xonadonida yashovchi Erkin G‘oziyev. – Mana, hali ikki yil to‘lmasdan zinalarning ba’zi joylari, ayrim xonadonlarning devorlari yorilgan, deyarli barcha xonadonlar devori sho‘rlab bormoqda, uy atrofiga yotqizilgan bruschatkalar cho‘kib ketmoqda.

Mazkur uyda yashovchilar qurilish tashkilotiga bir necha bor murojaat qilgan. Quruvchilar esa, erta-indin degan quruq va’da bilan qariyb bir yil barchani aldab keldi. Xonadon egalarining hafsalasi pir bo‘lib, ana shu jihozlarni o‘z hisobidan yangisiga almashtirdi yoki ta’mirlab oldi.

– Uyimizning umumiy kanalizatsiya quvuri yaxshi tortmas ekan, – deydi 25-xonadonda yashovchi Murodjon Yusupov. – O‘zimiz pul yig‘ib, ta’mirlatdik. Axir yangi uy bo‘lsa, to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirayotgan bo‘lsak, birin-ketin chiqayotgan bunday muammolar bizga ortiqcha tashvish keltirmoqda.

Foto: O‘zA

Aholining noroziligiga sabab bo‘layotgan kamchiliklar haqida aniq ma’lumot olish uchun O‘zA qurilish tashkilotiga murojaat qildi.

– Qurilish ishlari loyiha asosida bajarilgan, – deydi “Aziya start premium” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Azizbek Omonov. – Gaz plitalari, sanuzel jihozlari ham loyihada belgilangan narx va talablar doirasida o‘rnatilgan. Faqat foydalanilgan qum va g‘isht sho‘rlangan bo‘lgani bois, devor suvoqlarining ayrim joylari ko‘chib ketgani bor gap.

Quruvchilar hamma narsa belgilangan tartibda chiroyli va sifatli bajarilganini ta’kidlamoqda. Qiziq, ular aytganidek, hammasi joyida bo‘lsa, nima uchun qariyb ikki yildan buyon odamlar quruvchilar ustidan arz qilib yuribdi? Nima uchun yangi uy kundan-kun to‘kilib, nurab bormoqda?

Bu ham mayli. Yosh oilalar endi gaz, suv uchun hisoblagichlar o‘rnatish, tegishli tartibda rasmiylashtirish, to‘lovni amalga oshirish uchun yana sarson qilinmoqda. Chunki o‘tgan yildan buyon aholining bir necha bor murojaat qilishiga qaramasdan, elektr energiyasi, gaz ta’minoti, suvoqova idoralari tomonidan hisoblagichlar o‘rnatib berilmayapti. Hatto xonadonlarga tegishli tartibda hisobvaraqlar ochilib, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmagan. Ushbu idoralarga juda ko‘p murojaat qilindi, lekin natija yo‘q. Bu masalani ijobiy hal etish, hisoblagichlar o‘rnatib, tegishli tartibda rasmiylashtirish nahotki shunchalar mushkul bo‘lsa?!

– O‘tgan yildan buyon gaz ta’minoti, suvoqova idoralariga gaz va suv hisoblagichlarni rasmiylashtirib, tegishli tartibda shaxsiy hisobvaraqlar ochib berilishini so‘rab bir necha bor murojaat qildik, –deydi 35-xonadon sohibi Zuhriddin Qahramonjonov. – O‘zimiz borib, barcha xonadonlarni o‘rganib, albatta hisob ochib, tegishli tartibdagi hisob daftarchalari taqdim etamiz, deb ko‘p va’da berishdi. Lekin hamon yetib kelisholmayapti, chog‘i, na u, na bu idoradan birov so‘ramaydi. Bilmadim, yana qancha ovora bo‘lib yuramiz ekan?

Qurilish tashkiloti tomonidan bunyodkorlik ishlari sifatsiz bajarilgan, ko‘plab kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Sarmoya ajratgan bank esa uyning sifatini nazorat qilmagan. Uy atrofini obodonlashtirish ishlari ham oxiriga yetkazilmagan. To‘g‘ri, uyning old tomoni havas qilsa arzigulik, bolalar maydonchasi, maxsus avtomashinalar turar joyi barpo etilgan. Biroq yoritgichlar qo‘yilmaganidan tunda uyga kirib-chiqish qiyin, ayniqsa, hozirgi tez shom tushib qoladigan sovuq kunlarda.

Foto: O‘zA

– Uyimizning orqa tomonida chuqur bor, kundan kun chiqindi bilan to‘lib bormoqda, – deydi 47-xonadonda yashovchi Nargiza Usmonova. – To‘g‘ri, bunda shu uyda yashovchilarning ham aybi bor, lekin maxsus joy bo‘lmagach, aholi qayerga to‘ksin chiqindini? Ayniqsa, issiq kunlarda badbo‘y hid ko‘tarilib, uy derazalarini ochishga imkon bermaydi. Axir, bu turli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin-ku? Qolaversa, atrofda o‘ynab yuradigan yosh bolalarimizdan xavotirda bo‘lamiz.

Darhaqiqat, uyning orqa tomonida hali qurilish ishlari boshlanmasdan avval surilib, to‘plab qo‘yilgan chiqindilar hanuz uyum-uyum bo‘lib yotibdi. Bunday holat haqida qurilish tashkiloti, “Sadoqat” mahalla fuqarolar yig‘ini mutasaddilariga bir necha bor murojaat qilingan bo‘lsa-da, u yerni tartibga keltirish, muammoni bartaraf etish hozircha hech kimning xayoliga kelmayapti.

– Bu yerni chiqindilardan to‘la tozalab, ma’lum bir qismiga maxsus chiqindi to‘kiladigan joy barpo etish joriy yil rejasiga kiritilgan, – deydi Andijon shahridagi “Sadoqat” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahodir Chinoxunov. – Yaqin bir-ikki oyda bu yer to‘la tartibga keltiriladi.

Rais aytayaptimi, demak, ishonsa bo‘lar, har tugul uyda yashovchilar shunday umidda. Lekin boshqa muammolarni kim hal qiladi, qachon qiladi? Aholi shuni o‘ylab, yana qachongacha sarson bo‘lamiz, degan haqli savol qo‘ymoqda.