21—22-mart kunlari Qashqadaryoning Shahrisabz shahrida Milliy liboslar xalqaro festivali doirasida moda mavsumi va “Etno Fashion”ning ochilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi “Review.uz”.

Foto: “O‘zto‘qmachiliksanoat” uyushmasi

Festivalning ochilishiga tashrif buyurgan ishtirokchilarni Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev tabrikladi. U moda mavsumining ochilishi respublika milliy moda sanoatini rivojlantirishda birinchi qadam bo‘lganini va kelgusi yildan u Xalqaro festivalga aylanishini ta’kidladi. Shuningdek, hokim mazkur festival har yili Navro‘z bayrami arafasida xorijlik dizaynerlar ishtirokida nishonlanishini qo‘shimcha qildi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “Etno Fashion” namoyishlari O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham o‘tkaziladi.

Tadbir Qashqadaryo viloyati hokimligining “Sharq liboslari” dizayn markazi hamkorligi asosida tashkil etildi.

Foto: “O‘zto‘qmachiliksanoat” uyushmasi

Festivalda O‘zbekiston hamda xorij mamlakatlarining o‘ndan ortiq taniqli dizaynerlari ishtirok etdi. Dizaynerlar milliy matolar va yangicha an’anaviy shakllarda yaratilgan o‘z kolleksiyalarini namoyish etdilar.

Foto: “O‘zto‘qmachiliksanoat” uyushmasi