Qozog‘istonlik tadbirkor Aydin Rahimboyevga qarashli kompaniya xodimlari Aqto‘be viloyatida avtobus yonib ketishi oqibatida halok bo‘lganlarning oilalariga 10 million tenge (taxminan 31 200 dollar) yig‘ib tarqatdi. Bu haqda Sputnik xabar berdi.

Foto: Sputnik

Xabarda aytilishicha, xayriya tadbirida kompaniyaning 1300 nafar xodimlari va aksionerlari ishtirok etdi.

“Ko‘pchilikning farzandi yetim qoldi, oilalar bir onda o‘z boquvchilaridan ayrildi. Afsuski, pullarni oilalarga tarqatish uchun rasman ruxsatnoma olishga bir oy vaqt ketdi. Lekin biz sabr bilan kutdik va har bir oilaga borib qardosh xalqimizga o‘z ta’ziyamizni bildirdik”, — deb yozadi ijtimoiy tarmoqda Rahimboyev.

Qurilish kompaniyasi rahbarining yozishicha, ayrim oilalar bundan hayratga tushgan, ayrimlar esa pulni olishdan voz kechgan.

Eslatib o‘tamiz, 18-yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida Samara — Chimkent trassasida ichida 57 kishi bo‘lgan avtobus yonib ketdi. Yong‘in oqibatida 52 kishi halok bo‘ldi, ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari edi. Besh kishi – uch qozog‘istonlik va ikki o‘zbekistonlik fuqaro omon qolgan.