Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil 2—3-may kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida hududda yirik ishlab chiqarish sanoati yo‘qligi, yaqin kelajakda bu yerda ham avtomobil zavodi qurish loyihasi amalga oshirilishini ta’kidlagandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

Ushbu xushxabar bunchalik tez ro‘yobga chiqishini ko‘pchilik kutmagan edi. Tashrifdan roppa-rosa yigirma kun o‘tib, mamlakat avtomobilsozlik sanoatida yana bir yirik loyihani amalga oshirish yo‘lida dastlabki qadam tashlandi — Janubiy Koreyaning Evergreen Motors Group kompaniyasi prezidenti Kim Chang Kyon loyiha bo‘yicha amaliy muzokaralar o‘tkazish uchun viloyatga keldi.

Foto: O‘zA

Tegishli soha vakillari ishtirokida o‘tkazilgan taqdimot marosimida viloyatda Hyundai yuk avtomobillari va avtobuslarni yig‘ish zavodi qurish loyihasi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Loyihaga ko‘ra, korxonada yuk ko‘tarish sig‘imi 1 tonnadan 50 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillari va o‘lchami 9-12 metrli shahar ichida qatnovchi, shaharlararo hamda sayyohlik rusumidagi avtobuslar va maxsus transport vositalari yig‘ish ishlari bajariladi.

Foto: O‘zA

Dastlab kuniga 8-20 va yiliga 1000 ta avtomobil ishlab chiqariladi. Uch yil ichida bu ko‘rsatkich 3 mingtaga yetkaziladi, ya’ni mingta avtobus va 2 mingta yuk mashinasi ishlab chiqariladi. Avvaliga ehtiyot qismlar Janubiy Koreyadan keltirilsa, mahalliylashtirish dasturi asosida uch yil mobaynida ehtiyot qismlarni bosqichma-bosqich shu yerning o‘zida ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

Loyiha ishga tushirilishi bilan 1000 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi, kelajakda bu ko‘lam 6 mingtaga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.

Foto: O‘zA

Delegatsiya a’zolari avtomobil zavodi qurilishi uchun tavsiya qilinayotgan maydonlar va u yerdagi sharoitlar bilan tanishdi.