Tesla va Space X kompaniyalari asoschisi Ilon Mask Twitter’dagi sahifasida “Pravda.com” domenini sotib olishga qanday uringani haqida hikoya qildi. Meduza’ning yozishicha, bu domen milliarderning internet foydalanuvchilariga jurnalistlar va OAVning haqqoniyligini baholash imkonini beruvchi Pravda nomli yangi loyihasi uchun kerak bo‘lishi mumkin.

Ishbilarmon “Pravda.com” domeni allaqachon band qilingan — Ilon Mask bu domenni “ruslar ishlatyapti” degan xulosaga kelgan.

Aslida “Pravda.com” domeni Ukrainaning “Ukrainskaya pravda” nashriga tegishli. Rossiya OAVlari esa “gazeta-pravda.ru” (Rossiya kommunistik partiyasining “Pravda” gazetasi sayti) va “Pravda.ru” (“Pravda.ru” xoldingi sayti) domenlaridan foydalanadi.

Ko‘p o‘tmay Ilon Mask o‘z xatosini tushunib yetdi va ushbu to‘siqni aylanib o‘tish imkonini izladi. Twitter’dagi o‘quvchilar unga Ukrainani sotib olishni taklif qilgan, biroq Mask boshqa chora topgan — inglizcha jaranglashi “Pravda.com”ga o‘xshash “Pravduh.com” domenini sotib olgan (aslida mavjud bo‘lmagan bu so‘z “pravdux” deb emas, balki “pravDA” deb o‘qilishi kerak).

Hozircha “pravduh.com” manzilida hech narsa yo‘q.

Ilon Mask Pravda nomli loyihani ishga tushirish niyatini 23-may kuni bildirgan edi. Loyiha qanday tartibda ishlashi hozircha noma’lum. Taxminlardan biriga ko‘ra, Ilon Maskda botlarga qarshi kurashadigan va o‘quvchilarga axborotning haqqoniyligini baholash imkonini beruvchi maxsus sayt yaratish g‘oyasi OAVda Tesla avtomobillari haqida tanqidiy maqolalar chiqqanidan so‘ng paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.