Misr ma’muriy sudi 26-maydagi qarori bilan quyi instansiya sudining YouTube videoxostingini bir oy muddatga blok qilish haqidagi hukmini tasdiqladi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: “RIA Novosti”

Avvalroq misrlik advokat Muhammad Salim YouTube payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) hayotini haqoratli tarzda hikoya qiluvchi film kadrlari o‘chirib tashlanmagunicha videoxostingni Misr hududida blok qilish talabi bilan sudga murojaat qilgan edi.

Advokatning fikricha, bunday filmlar, bunday kadrlar dinlararo nizolarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Sudning dastlabki qaroriga muvofiq, YouTube’ni hukumat tashkiloti sifatida Milliy aloqa boshqarmasi blok qilishi kerak edi. Biroq boshqarma YouTube’ni blok qilish murakkab vazifa ekanini ta’kidlab, sud qarori ustidan apellyatsiya bergan edi.